Bolalar hisobot materiali emas: e’tibor, suratlar va kelajak
Maktab tadbirlarida bolalarni suratga olish, ochiq Telegram kanallariga joylash, shaxsiy ma’lumotlar, rozilik va eng muhimi — bolaga e’tibor haqida savollar.
Bu shunchaki o‘qib ketiladigan maqola emas. Matndagi biror fikrni belgilang va unga o‘z munosabatingizni bildiring.
Muhokamaga qo‘shilishBugungi suratlar va ertangi savollar haqida.
Salom.
Bu post orqali hech kimga «Siz yomonsiz», «Siz noto‘g‘ri ish qilyapsiz» yoki «Siz o‘z vazifangizni bajarmayapsiz» demoqchi emasman.
Shunchaki bir narsani ochiq aytib, ortidan bir nechta savol bermoqchiman.
Internetga joylangan suratning keyingi taqdiri
Bugungi kunda Telegramdagi ommaviy kanallarga joylangan suratlar va boshqa ma’lumotlar qidiruv tizimlari, turli arxivlar yoki uchinchi tomon xizmatlari orqali ham tarqalishi mumkin. Har bir post albatta indekslanadi degani emas. Lekin ommaga ochiq joylangan faylning nusxasi boshqa joyda saqlanib qolishi ehtimoli bor.
Bu nimani anglatadi?
Siz bugun kanalingizga joylagan oddiygina surat ertaga boshqa saytda, boshqa serverda yoki kimningdir shaxsiy qurilmasida saqlanib qolishi mumkin.
Balki suratning mualliflik huquqi sizga tegishlidir. Ammo mualliflik huquqiga ega bo‘lish — internetga tarqalgan barcha nusxalarni texnik jihatdan nazorat qila olish degani emas.
Endi esa savollarim bor.
1. Oradan 10–15 yil o‘tsa-chi?
Tasavvur qiling, bugun suratga olayotgan bolalar ulg‘aydi.
Ularning biri shifokor, biri muhandis, biri o‘qituvchi, yana biri balki davlat rahbari bo‘lar.
Kunlarning birida ulardan biri internetdan o‘zining bolalikdagi suratini topib oldi.
Balki xursand bo‘lar. «Voy, bolaligimdan rasmim bor ekan!» deb quvonar.
Ammo boshqa tomoni-chi?
U o‘sha suratni yoqtirmasa-chi? O‘zining bolalikdagi tasviri internetda hammaga ochiq turishini istamasa-chi?
Uning bugungi suratini ommaga tarqatish haqida qaror qabul qilayotganimizda, kelajakdagi o‘sha insonning xohishini ham hisobga olyapmizmi?
2. Bu suratdagi bola sizning farzandingiz bo‘lsa-chi?
Uning yuzini, qayerda o‘qishini, qaysi sinfda ekanini begona insonlar bemalol ko‘ra olishini xohlarmidingiz?
O‘z farzandingizning shunday suratlari internetda yillar davomida saqlanib qolishiga bemalol rozilik berarmidingiz?
Agar javobingiz «yo‘q» bo‘lsa, unda nega boshqa birovning farzandi uchun bu oddiy holat bo‘lishi kerak?
Men ota-onalar roziligi umuman olinmagan deb da’vo qilmayapman. Buni bilmayman. Lekin rozilik qanday, qaysi maqsad uchun va qanchalik ongli ravishda olingani muhim emasmi?
O‘zbekiston Respublikasining «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonuni voyaga yetmaganlarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishda ota-ona yoki boshqa qonuniy vakil roziligi masalasini tartibga soladi. Demak, bu shunchaki did yoki odob masalasi ham emas — huquqiy tomoni ham bor.
3. Suratlarning keyingi taqdiriga kim kafolat beradi?
Bugun sun’iy intellekt yordamida suratlarni o‘zgartirish, inson yuzini boshqa tasvirlarga joylashtirish yoki soxta kontent tayyorlash imkoniyatlari mavjud.
Kim kafolat beradi, bu suratlar ertaga uchinchi shaxslar tomonidan nomaqbul maqsadlarda qayta ishlanmasligiga?
Suratlarni kanaldan o‘chirib tashlash mumkin. Ammo allaqachon ko‘chirib olingan nusxalarning hammasini qaytarib olish mumkinmi?
Bir marta ommaga ochiq tarqatilgan fayl ustidan nazoratni keyin to‘liq tiklash har doim ham imkoni bo‘lavermaydi.
4. Eng asosiy savolim esa boshqa
Biz bolalarga ta’lim beryapmizmi yoki ta’lim berayotganimizni boshqalarga ko‘rsatishga harakat qilyapmizmi?
Bir sinfda televizor bor, boshqasida ham bor. Partalar, doskalar, ko‘rgazmali qurollar — hammasi mavjud bo‘lishi mumkin.
Lekin bir narsani hech qanday pulga sotib olib bo‘lmaydi.
E’TIBOR.
Bola darsda nimani tushundi? Qanday savol berdi? Nima haqida o‘yladi? Uning fikrini kim tingladi?
Yoki biz uchun eng muhimi bolalarni tartibli o‘tqazib, suratga olib, kanalga «Dars tashkil etildi» deb yozishmi?
Men bir nechta suratga qarab muayyan o‘qituvchi dars o‘tmagan degan hukm chiqarmoqchi emasman. Suratlar darsning butun jarayonini ko‘rsatmaydi.
Ammo suratga tushirishning o‘zi darsning maqsadiga aylanib qolgan bo‘lsa-chi? Shuni so‘rashga haqqimiz yo‘qmi?
5. «Kelajak soati»ning kelajagi qayerda?
Tasavvur qiling, to‘rtinchi sinf o‘quvchisi «Katta bo‘lsam prezident bo‘laman!» dedi.
Biz unga savol berdikmi?
«Nega prezident bo‘lmoqchisiz? Nimani o‘zgartirardingiz? Odamlar uchun nima qilardingiz?»
Yoki bolalarni bir qatorga o‘tqazib, suratga tushirgach, vazifamizni bajarilgan deb hisobladikmi?
Bola uchun e’tibor — uning fikri kimdir uchun ahamiyatli ekanini his qilishidir.
Bugun uning so‘ziga quloq solmasak, ertaga undan qanday qilib mustaqil fikrlashni, tashabbus ko‘rsatishni, mas’uliyatni talab qilamiz?
Men suratga tushirishni butunlay to‘xtatish kerak demayapman. Maktab hayotini yoritish ham muhim. Yaxshi xotira bo‘lib qoladigan suratlar ham bo‘ladi.
Lekin surat bolaga xizmat qilishi kerak. Bola suratga yoki hisobotga xizmat qilmasligi kerak.
Xulosa o‘rnida
Bola maktabning hisobot materiali emas. U — o‘z huquqlari, orzulari, fikrlari va kelajagi bor inson.
Bugun uning nomidan qaror qabul qilish imkoniyatiga egamiz. Ammo bu har qanday qarorimiz to‘g‘ri degani emas.
Va oxirgi savolim:
Ertaga shu bolalar ulg‘ayib, «Nega bizning fikrimizni so‘ramagansiz?» desa, ularga nima deb javob beramiz?
Men hech kimni ayblamayapman.
Shunchaki shu savollar ustida birgalikda o‘ylab ko‘rishimizni istayman.
Izoh: ushbu maqolada bolalarning yuzlari ko‘rinadigan suratlar ataylab qayta e’lon qilinmadi. Muayyan maktab yoki o‘qituvchining qonun buzganligi haqida xulosa chiqarilmaydi; gap bolalarga e’tibor, mas’uliyat va raqamli izlar haqida.
Davlatbek NORQOBULOV | 02.11.2026