← Blog

Erkinlik nima?

«Nega siz bizni kanalingizga chaqirasiz-u, gapirishimizga imkon bermaysiz?» Balki bir kuni bu savolga «odamlar hali tayyor emas» degan javob o‘rniga: «Gapiring, eshitamiz. Agar haq bo‘lsangiz, tuzatamiz. Agar nohaq bo‘lsangiz, tushuntiramiz», — deb javob beriladigan davr ham kelar. Men uchun haqiqiy muloqot ana shundan boshlanadi.

Bu shunchaki o‘qib ketiladigan maqola emas. Matndagi biror fikrni belgilang va unga o‘z munosabatingizni bildiring.

Muhokamaga qo‘shilish

Biz qanday erkinlikda yashayapmiz o‘zi?

Yaqinda Nyu-York meri Zohran Mamdanining bir videosiga ko‘zim tushdi. Oddiygina video. Obunalarni bekor qilish haqida. Mazmuni juda sodda: agar biror xizmatga birgina bosish orqali obuna bo‘lish mumkin bo‘lsa, uni bekor qilish ham shunchalik oson bo‘lishi kerak.

Tamom. 30 soniya atrofidagi video. Odamlar kundalik hayotda duch keladigan muammo, uning yechimi va shu yechim haqida oddiy tilda gapirayotgan shahar rahbari.

Shunda xayolimga bir savol keldi: qiziq, bizning hokimlar qachon shunday qila boshlaydi?

Aslida, men videoning montaji, kamerasi yoki merning aktyorlik mahoratini nazarda tutmayapman. Bunday videoni hozir oddiy maktab o‘quvchisi ham suratga olishi mumkin. Men umuman boshqa narsani — jamiyat va boshqaruv o‘rtasidagi munosabatni nazarda tutyapman.

Bizda ham xalq bilan muloqot qilinadi. Hokimlar fuqarolarni qabul qiladi. Qabul kunlari belgilanadi. Xabarlar beriladi. Suratga olinadi. Hisobotlar tayyorlanadi.

Lekin tasavvur qiling: bir hokim ikki soat vaqtini to‘rt nafar onaxonning, ba’zan o‘zlari ham aniq tushuntirib bera olmayotgan muammolarini eshitishga sarflaydi. Yonida kotib, yordamchi, mas’ul tashkilot vakillari. Kimdir yozib oladi, kimdir bosh irg‘aydi. Oxirida esa «masala nazoratga olindi» deyiladi.

Ertasiga rasmiy kanalda xabar:

«Hokim tomonidan fuqarolarning murojaatlari tinglandi».

Ajoyib!

Ammo qanday natijaga erishildi? Muammoga nima sabab bo‘lgan? Bu muammo yana nechta odamda bor? Uning qayta takrorlanmasligi uchun nima qilindi?

Bular haqida ko‘pincha hech narsa bilmaymiz.

Bu bilan o‘sha onaxonlarni ayblamoqchi emasman. Aksincha, ular davlatga murojaat qilishga haqli. Hatto muammosini tushuntirib berolmagan odamga ham yordam berish kerak.

Lekin savol boshqa: nega tizim shunday qurilganki, har bir muammoni hal qilish uchun hokimning shaxsan aralashishi kerakdek ko‘rinadi?

Hokimning vazifasi har bir fuqaroning o‘rniga ariza yozishmi yoki ertaga yana yuzlab odamlarni xuddi shu muammo bilan kelishga majbur qilmaydigan tizim yaratishmi?

Masalan, bir mahalladan yuz kishi suv yo‘qligi haqida shikoyat qilsa, yuz kishini alohida-alohida qabul qilib, yuz marta bosh irg‘ash shart emas-ku. Suv nega yo‘qligini aniqlang. Tuzating. Natijasini xalqqa ko‘rsating.

Meni aynan shu narsa o‘ylantiradi.

Nega biz jarayonni natija deb qabul qilishga o‘rganib qolganmiz?

Ba’zan tasavvurimga shunday manzara keladi: yuzta murojaat keladi, yuztasi ko‘rib chiqiladi, yuztasiga javob yoziladi, barcha hujjatlar tartib bilan papkaga joylanadi.

Tizim ishladi. Statistika chiroyli.

Ammo ertasi kuni o‘sha yuz kishi yana keladi.

Demak, biz muammoni hal qildikmi yoki shunchaki uning qog‘ozdagi hayotini yakunladikmi?

⸻

Universitetdagi bir voqea

Universitetda o‘qigan vaqtimda ham shunga o‘xshash masalada hayron bo‘lganman.

Universitetning rasmiy Telegram kanali bor. Talabalarni unga qo‘shilishga faol targ‘ib qilishadi.

— Kanalga a’zo bo‘linglar!

— Yangiliklarni kuzatib boringlar!

— Guruhdoshlaringizni ham qo‘shinglar!

— Universitet hayotidan xabardor bo‘lib boringlar!

Xo‘p, juda yaxshi.

Lekin qarasam, kanalda muhokama guruhi yo‘q.

To‘xta, qanday qilib?

Siz talabalarni o‘z kanalingizga chaqirasiz. Ularga muntazam axborot tarqatasiz. Ammo o‘sha talabalar sizning xabaringiz ostida savol berolmaydi, munosabat bildirolmaydi, e’tirozini yoza olmaydi.

Nega?

Bunga odatda bir nechta tushuntirish topish mumkin.

«Spam bo‘ladi».

«Kimdir haqorat qiladi».

«Tartibsizlik chiqadi».

«Har xil odam bor».

Xo‘sh, qanday erkinlikda yashayapmiz o‘zi?

Nahotki bir nechta odam haqorat qilishi mumkinligi uchun butun auditoriyaning og‘zini yopish kerak bo‘lsa?

Bu xuddi mahallada uch-to‘rtta it hurishi mumkinligidan qo‘rqib, odamlarning do‘stlashishdan, bir-birinikiga mehmonga borishdan, hatto sevishishdan voz kechishiga o‘xshaydi.

Tasavvur qiling:

— Nega sevgan qizingiznikiga bormayapsiz?

— Ko‘chalarida it bor ekan.

— Xo‘sh?

— Hurishi mumkin.

— Unda nima qilasiz?

— Sevgidan voz kechdim.

😂

Bunday mantiq bilan yashasak, umuman uydan chiqmaslik kerak. Ko‘chada mashina urishi mumkin, osmonda chaqmoq chaqishi mumkin, restoranda oshpaz sho‘rvaga tuzni ko‘p solishi mumkin.

Xavf mavjudligining o‘zi hayotdan voz kechish uchun asos emas.

Axir moderatsiya degan tushuncha nima uchun mavjud?

Odamlar yozishi, bahslashishi, savol berishi, e’tiroz bildirishi mumkin. Qoidalarni buzganlarga esa tegishli chora ko‘riladi.

Birov spam yozsa, spamni o‘chirasiz. Birov haqorat qilsa, o‘sha holatni ko‘rib chiqasiz. Birov asosli tanqid qilsa, unga javob berasiz.

Nega buning o‘rniga butun muhokamani yo‘q qilish qulayroq hisoblanadi?

Shifoxonada bemorlar shovqin qilishi mumkin deb qabulxonani yopmaymiz-ku. Yo‘llarda qoidabuzarlar bor deb barcha mashinalarning harakatini taqiqlamaymiz. O‘quvchilar imtihonda ko‘chirishi mumkin deb ta’lim tizimini butunlay tugatmaymiz.

Muammoga qarab chora ko‘ramiz.

Lekin nega aynan odamlarning fikri haqida gap ketganda, eng oson yechim ularning gapirish imkoniyatini cheklash bo‘lib qoladi?

Balki biz tartibni saqlash bilan sukunatni saqlashni adashtirib yuborgandirmiz?

Chunki tartib mavjud bo‘lgan joyda odamlar gapirishi mumkin. Sukunat mavjud bo‘lgan joyda esa ular gapirmayotganining sababini ham bilmasligimiz mumkin.

⸻

Uch yulduzlik g‘iybat

Yaqinda Telegramda yana bir qiziq manzaraga duch keldim.

Bir kanalda:

«UNCHA BUNCHASINI MENSIMAYMANDA».

Boshqasida esa:

«Qani komment g‘iybat qilishga».

Qarayman, komment yozish uchun uchta Telegram yulduzi to‘lash kerak ekan.

😂😂😂

Bu endi yangi iqtisodiy model bo‘lsa kerak.

Avval g‘iybat tekin edi. Endi inflyatsiya unga ham yetibdi.

Tasavvur qiling, bir odam sizni g‘iybatga chaqiradi-yu, suhbatga qo‘shilishingiz uchun pul so‘raydi.

Ertaga:

«Assalomu alaykum» — bitta yulduz.

«Yaxshimisiz?» — ikkita yulduz.

«Siz bilan bitta masalada kelisha olmayapman» — beshta yulduz.

«Tanqid qilmoqchiman» — premium obuna sotib oling.

«Fikringizni tushundim, lekin men boshqacha o‘ylayman» — bu xizmat tarifingizga kirmaydi.

😂

Albatta, odam o‘z shaxsiy kanalida pullik xabar funksiyasini yoqishga haqli. Balki spamdan saqlanmoqchidir, balki boshqa sababi bordir. Uning o‘z auditoriyasi, o‘z qoidalari bor.

Muammo uchta yulduzda emas.

Meni o‘ylantirayotgan narsa boshqa: biz qachondan beri odamlarning e’tiborini faol talab qilib, ularning munosabatidan qochishni tabiiy qabul qila boshladik?

Kanalga qo‘shiling. Postimni o‘qing. Hikoyamni ko‘ring. Menga e’tibor bering.

Ammo savol bermang.

Tanqid qilmang.

E’tiroz bildirmang.

Mening aytganimni eshiting, lekin men siznikini eshitishga majbur emasman.

Qiziq munosabat, shunday emasmi?

Shunga qaramay, har bir shaxsiy kanal egasi izohlarni ochishga majbur degan fikrda emasman. Insonning boshqalar bilan muloqot qilmaslik huquqi ham bor. Ba’zan kanal shunchaki shaxsiy kundalik bo‘lishi mumkin.

Lekin ommaviy munosabat qurishga intilayotgan odam o‘zidan bitta savolni so‘rashi kerak:

Menga haqiqiy muloqot kerakmi yoki shunchaki auditoriya?

Chunki ikki ming obunachisi bor kanalning hammasi bilan muloqot qilishi shart emas. Ammo o‘sha ikki ming odamning fikri ahamiyatsiz deb hisoblash ham g‘alati.

Biri suhbatni istaydi. Boshqasi sahnani.

Menimcha, ba’zan odamlar bu ikkisini o‘zlari ham farqlamay qolishadi.

⸻

Agar rektorni so‘kishsa-chi?

Endi tasavvur qilamiz.

Universitet kanalida muhokama guruhi ochildi. Talabalardan biri rektorning faoliyati haqida juda qo‘pol fikr bildirdi. Hatto haqorat qildi.

Nima qilish kerak?

Kanalni yopamizmi?

Talabani bloklaymizmi?

Barchaga komment yozishni taqiqlaymizmi?

Men boshqa yo‘lni tasavvur qilaman.

Avval talabaning nima deyayotganini tushunish kerak.

Nima uchun jahli chiqqan? Nimadan norozilik bildiryapti? Aytayotgan gapining asosi bormi?

Faraz qilaylik, tekshirildi va uning e’tirozi asosli bo‘lib chiqdi.

Demak, universitet haqiqatda xatoga yo‘l qo‘ygan.

Rektor chiqadi va aytadi:

«Siz ko‘targan masalani o‘rgandik. Haqiqatan, bizning faoliyatimizda xatolik bo‘lgan. Buning uchun uzr so‘raymiz. Muammoni hal qilish uchun quyidagi choralarni ko‘rdik».

Tamom.

Shu bilan birga:

«Ammo sizning e’tirozingiz asosli bo‘lishi bizni haqorat qilish huquqini bermaydi. Bu masalaga ham alohida baho beriladi».

Mana sizga o‘zaro javobgarlik.

Men bunday holatda ikki tomonning ham harakatlari alohida baholanishi tarafdoriman.

Agar rektor xato qilgan bo‘lsa, javob bersin. Agar talaba haqiqatan qonunni buzgan bo‘lsa, uning harakatiga ham qonun doirasida baho berilsin.

Lekin har bir qo‘pol gapni darhol sudga olib borish ham kerak emas. Oddiy tanqid, emotsional norozilik, haqorat va tahdidning farqini ajrata olishimiz zarur. Ba’zan tushuntirish yoki uzrning o‘zi yetarli bo‘ladi.

Haqorat tanqidni asossiz qilmaydi. Tanqidning asosli bo‘lishi esa haqoratni avtomatik oqlamaydi.

Keyin muammoning qanday hal qilingani, qanday chora ko‘rilgani haqida universitet kanalida xabar beriladi.

Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilgan holda, albatta.

Tasavvur qiling, talabalar rektorning xatosini tan olganini, uzr so‘raganini va muammoni amalda hal qilganini ko‘rsa, nima bo‘ladi?

Balki birinchi kun ko‘pchilik hayron qoladi.

Ikkinchi kuni yana kimdir e’tiroz bildiradi.

Uchinchi kuni yana boshqa muammo ko‘tariladi.

Lekin to‘rtinchi yoki beshinchi kuni kimdir shunchaki savol beradi. Baqirmaydi, haqorat qilmaydi, tahdid qilmaydi. Chunki u endi baqirmasdan ham eshitilish mumkinligiga ishonishni boshlagan bo‘lishi mumkin.

Balki vaqt o‘tishi bilan odamlar bir-biriga munosabat bildirishning boshqa usullarini ham o‘rganar.

Menimcha, bunday ishonch har qanday rasmiy shiorlardan qimmatroq.

Bu yerda gap rektorning omma oldida uzr so‘rashidagi tantanada emas.

Gap shundaki, xatoni tan olish uning lavozimiga tahdid emas, ishining bir qismi sifatida qabul qilinishi kerak.

Aslida, shu tamoyilni universitetdan tashqarida ham tasavvur qilish mumkin.

Masalan, maktab direktori ota-onaning e’tirozini eshitadi. Bosh shifokor bemorning shikoyatini ko‘rib chiqadi. Korxona rahbari ishchisining xavfsizlik bo‘yicha ogohlantirishiga quloq tutadi.

Bularning birortasi rahbarning ojizligini anglatmaydi.

Ba’zan odamni jiddiy qabul qilishning o‘zi munosabatni butunlay o‘zgartirishi mumkin.

⸻

Men bir kuni bomba haqida ogohlantirdim…

Yo‘q, haqiqiy bomba emas.

Bu shunchaki o‘xshatish.

Bir safar Telegramdagi shubhali faoliyatga duch keldim.

Davlat tashkiloti nomidan tanlov e’lon qilinayotgan, ishtirokchilardan pul talab etilayotgan, sovrinlar va’da qilinayotgan, mablag‘lar esa shaxsiy plastik kartaga yig‘ilayotgan edi.

Vaziyatni o‘rgandim. Telegram manzillarini, botni, to‘lov talablarini, yozishmalarni va boshqa ma’lumotlarni to‘pladim.

O‘nta skrinshot tayyorladim.

Rasmiy murojaat yozdim.

Maqsadim kimnidir jinoyatchi deb e’lon qilish emas edi. Bu holatda huquqbuzarlik alomatlari bormi, yo‘qmi, vakolatli organlar tekshirib ko‘rishini istadim.

Axir oddiy fuqaro tergovchi emas-ku.

Shubhali holatni payqasa, davlatga xabar beradi. Keyin mutaxassislar tekshiradi.

Men ham shunday qildim.

Ammo olgan javobim meni ancha o‘ylantirib qo‘ydi.

Sudga tegishli shaxsga oid jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik ishi kelib tushmagani, tegishli tekshiruv uchun ichki ishlar organlariga murojaat qilish mumkinligi bildirildi.

Huquqiy tomondan sud va tergov organlarining vakolatlari boshqa-boshqa ekanini tushunaman. Bu javobning o‘zi hech kim tekshiruv o‘tkazmaganini isbotlamaydi.

Lekin fuqaro sifatida men ko‘targan asosiy masala ochiq qoldi.

Shunda xayolimga bir hajviy suhbat keldi.

— Assalomu alaykum. Menimcha, mana bu binoda bomba bo‘lishi mumkin. Iltimos, tekshirib ko‘ringlar. Ertaga portlasa, odamlar zarar ko‘radi.

— Sizdan oldin hech kim bomba haqida xabar bermagan-ku.

— Ha, shuning uchun sizga xabar beryapman-da!

— Hali portlamagan-ku.

— Axir portlaganidan keyin xabar berishimdan nima foyda?!

Bu suhbat haqiqatda bo‘lmagan. Lekin vaziyat menga aynan shunday tuyuldi.

Men allaqachon sodir bo‘lgan jinoyat bo‘yicha hukm talab qilmayapman.

Men ehtimoliy xavf borligini aytyapman.

Uni tekshirishni so‘rayapman.

Va tekshiruv natijasini bilmoqchiman.

Xo‘sh, nega oddiy odam biror xavf haqida ogohlantirganda, u o‘zini eshitishlariga erishish uchun yana bir nechta eshikni taqillatishi kerak?

Nega fuqaro davlat tizimining barcha ichki vakolat chegaralarini, qaysi idora nimaga javob berishini yoddan bilishi kerakdek tuyuladi?

Albatta, murojaatni to‘g‘ri organga yuborish muhim. Lekin odamlarga bu yo‘lda yordam beradigan tushunarli mexanizm ham kerak.

Tasavvur qiling, uyda elektr simlaridan tutun chiqayotganini ko‘rdingiz. Ustani chaqirdingiz. Usta kelib:

«Bu mening yo‘nalishim emas, elektr tarmog‘ining boshqa bo‘limiga murojaat qiling», — dedi.

Xo‘p, uning vakolati haqiqatan cheklangan bo‘lishi mumkin. Lekin hech bo‘lmaganda kimga murojaat qilish kerakligini aniq ko‘rsatish, xavf haqida tegishli odamlarni ogohlantirish imkoniyati bo‘lishi kerak-ku.

Bunday vaziyatlarda meni aynan shu narsa o‘ylantiradi: tizimning ichki tuzilishi fuqaro uchun nima sababdan bunchalik murakkab bo‘lishi kerak?

O‘sha javobdan keyin men murojaatimni davom ettirmadim.

Rostini aytsam, hafsalam pir bo‘ldi.

Keyinchalik o‘sha Telegram kanaliga nima bo‘lganini ham bilmayman.

Ehtimol, hammasi qonuniy bo‘lgandir. Ehtimol, tekshiruv o‘tkazilgandir. Ehtimol, aksincha, men xavotirlangan holatlar jiddiyroqdir.

Bilmayman.

Va aynan mana shu «bilmayman» meni bezovta qiladi.

Chunki murojaatchi uchun natija tushunarli bo‘lmasa, rasmiy javobning o‘zi har doim ham masala hal bo‘lganini anglatmaydi.

Eng yomon oqibat esa boshqa.

Ertaga yana shubhali holatni ko‘rsam-chi?

Yana hujjat yig‘amanmi?

Yana skrinshot tayyorlaymanmi?

Yana bir necha soat vaqt sarflaymanmi?

Yoki indamay o‘tib ketamanmi?

Ana shundan qo‘rqaman.

Davlat idorasidan javob olishga bo‘lgan ishonch yo‘qolsa, ertaga odamlar haqiqatan muhim xavf haqida ham xabar berishga erinishi mumkin.

Va bu nafaqat davlatning, balki butun jamiyatning muammosiga aylanadi.

⸻

Bu faqat universitet yoki hokimiyat haqida emas

Men aytayotgan tamoyil faqat rektorlar, hokimlar yoki vazirlarga tegishli emas.

Oddiy do‘kondan boshlanib, Prezident Administratsiyasigacha yetib borishi kerak.

Do‘kon.

Xaridor muddati o‘tgan mahsulotni ko‘rdi. Sotuvchiga aytdi.

Sotuvchi unga dag‘dag‘a qilish yoki aybni darhol xaridorga ag‘darish o‘rniga mahsulotni tekshirishi kerak.

Agar haqiqatan xatolik bo‘lsa, tovar savdodan olinadi, sabab aniqlanadi. Agar xaridor adashgan bo‘lsa, unga ham muloyim tushuntiriladi.

Restoran.

Mijoz ovqat sifati haqida shikoyat qildi.

Oshpazning yigirma yillik tajribasi borligi mijozning e’tirozini avtomatik ravishda asossiz qilmaydi. Xuddi shunday, mijoz pul to‘lagani uchun oshpazni haqorat qilish huquqiga ham ega emas.

Taomda muammo bo‘lsa, tuzatiladi. Bo‘lmasa, tushuntiriladi.

Shifoxona.

Bemor davolanish sifati yoki xodimning muomalasidan norozi.

Bosh shifokor buni shunchaki «shifokorlarimizga ishonmasangiz, boshqa joyga boring» degan munosabat bilan yakunlamasligi kerak.

Ammo bemor ham internetdagi uchta izohni o‘qib, shifokorning ko‘p yillik tajribasini mutlaqo ahamiyatsiz deb hisoblamasligi lozim.

Tibbiyotda ham tanqid bor, professional xulosa bor, javobgarlik bor.

Maktab.

O‘quvchi o‘qituvchining adolatsiz baho qo‘yganini aytdi.

Uni darhol «ustozga qarshi gapiryapsan» deb ayblash kerakmi?

Baho nimaga asoslanganini ko‘rsatish mumkin-ku.

Agar xatolik bo‘lsa, tuzatiladi. Agar baho adolatli qo‘yilgan bo‘lsa, uning mezonlari tushuntiriladi.

Bu yerda o‘qituvchining hurmati ham, o‘quvchining huquqi ham saqlanishi mumkin.

Bank.

Mijoz hisobidan tushunarsiz komissiya yechildi.

Operator shartnomaning 47-beti, 18-bandiga ishora qilib suhbatni tugatish o‘rniga, mijozga sodda tilda nima uchun pul yechilganini tushuntirsa-chi?

Agar komissiya noto‘g‘ri hisoblangan bo‘lsa, bankning xatosi ham tan olinishi kerak.

Taksi.

Yo‘lovchi haydovchining xavfli harakat qilganidan shikoyat qiladi.

Haydovchi esa yo‘lovchining o‘zi xavfsizlik kamarini taqmaganini aytadi.

Xo‘sh, kim haq?

Balki ikkalasi ham qoida buzgan bo‘lishi mumkin.

Bittasining xatosi ikkinchisinikini oqlamaydi.

Qurilish.

Muhandis loyihadagi hisob-kitobda xatolik ko‘rdi. Rahbariga aytdi.

Rahbar esa:

«Bu loyihani mendan yaxshi bilasanmi?» — deb javob berdi.

Ammo ertaga bino qurilgandan keyin xato aniqlansa, muhandisning jim turmagani qanchalik muhim bo‘lgani ayon bo‘lishi mumkin.

Qurilishda masala oddiy obro‘ haqida emas, ba’zan yuzlab odamlarning xavfsizligi haqida bo‘ladi.

Dasturlash.

Bir dasturchi kompaniya tizimida jiddiy xatolik topdi.

Boshqa dasturchi unga:

«Bu kodni besh yildan beri ishlatyapmiz, hech kim shikoyat qilmagan», — dedi.

Xo‘p, lekin kodning besh yildan beri ishlayotgani unda xatolik yo‘qligini anglatmaydi-ku!

😂

Bug topgan odamni ayblash o‘rniga bugni tuzatish kerak.

To‘g‘ri, xatolik haqidagi xabarni ham tekshirish zarur. Har bir taxmin haqiqiy muammo emas.

Lekin shuning uchun ham muhokama va tekshiruv kerak.

Ombor.

Oddiy ishchi logistika tizimida hisob-kitob xatosini payqadi. Brigadirga aytdi.

Brigadir:

«Ishingni qil, bularni biz bilamiz», — dedi.

Natijada bir haftadan keyin yuzlab tovarlar noto‘g‘ri yo‘nalishga ketdi.

Balki ishchi adashgandir. Balki u haqiqatda muhim xatoni aniqlagandir.

Buni uning lavozimi emas, dalillar aniqlashi kerak.

Jamoat transporti.

Yo‘lovchi avtobus belgilangan vaqtda kelmayotganini aytdi.

Mas’ul tashkilot unga shunchaki jadvalning suratini yubordi.

Ammo fuqaroning muammosi jadvalni bilmaslik emas, avtobusning o‘sha jadvalga amal qilmayotgani bo‘lishi mumkin.

Ba’zan javob savolga texnik jihatdan mos keladi, lekin muammoning mohiyatiga umuman tegmaydi.

Davlat idorasi.

Fuqaro hujjat olish uchun keladi. Undan yana bir hujjat talab qilishadi. Keyin yana bittasi. So‘ngra boshqa idoradan ma’lumotnoma olib kelish kerakligi aytiladi.

U savol beradi:

«Nega davlatning bir idorasi allaqachon biladigan ma’lumotni men boshqa idoradan olib kelishim kerak?»

Balki buning haqiqiy qonuniy sababi bordir. Balki eskirgan tartibdir. Balki bu bosqichni butunlay bekor qilish mumkindir.

Lekin fuqaroning savolini «tartib shunaqa» degan javob bilan doimiy yopib qo‘yish muammoni hal qilmaydi.

Va nihoyat, yuqoriroq darajaga chiqamiz.

Tuman hokimi faoliyatiga nisbatan ommaviy savollar berilsin.

Vazirlik qarorlari muhokama qilinsin.

Prezident Administratsiyasi faoliyati ham jamoatchilik savollaridan chetda qolmasin.

Hech bir mansab, lavozim, diplom yoki ijtimoiy mavqe odamni tanqiddan mutlaq himoyalangan shaxsga aylantirmasligi kerak.

Lekin bunda muhim bir farq bor.

Oddiy fuqaro va davlat vakili bir xil hokimiyatga ega emas.

Masalan, fuqaro vazirlikni tanqid qilsa, vazirlikning qo‘lida davlat vakolatlari bor, fuqaroda esa yo‘q.

Shuning uchun davlat organlarining tanqidga munosabatida alohida ehtiyotkorlik zarur.

Mansabdor odam tanqidchini jim qilish uchun o‘z mavqeidan foydalanmasligi kerak.

Aks holda biz erkin muloqot emas, kuchlilarning o‘zini himoya qilish tizimini yaratgan bo‘lamiz.

Bu bilan barcha mansabdorlar yoki barcha tashkilotlar tanqidga aynan shunday munosabatda bo‘ladi demoqchi emasman.

Muammo muayyan kasbning o‘zida emas.

Gap lavozim bilan birga odamga boshqalarning fikrini mensimaslik huquqi ham berilgandek tasavvur qilinishida.

Vaholanki, ko‘p hollarda aynan qaror qabul qilish vakolati kattaroq bo‘lgan odamning javobgarligi ham kattaroq bo‘ladi.

⸻

«Odamlar hali erkinlikka tayyor emas»

Menga yana bir gap juda g‘alati tuyuladi.

«Bizning odamlar hali bunga tayyor emas».

Tayyor emas?!

Xo‘sh, qachon tayyor bo‘ladi?

2040-yildami?

2050-yildami?

Yoki avval uch avlodni maxsus muomala madaniyati kursidan o‘tkazib, keyin Telegramda komment yozishga ruxsat beramizmi?

😂

Bu menga suzishni o‘rganmoqchi bo‘lgan odamga «avval suzishni o‘rganib oling, keyin suvga tushishingiz mumkin» deyishga o‘xshaydi.

Odamlar muloqot qilishni muloqot orqali o‘rganadi.

Bahslashishni bahs orqali o‘rganadi.

Tanqidni qabul qilishni tanqidni eshitib o‘rganadi.

Lekin bu hammasini mutlaqo nazoratsiz qo‘yib yuborish kerak degani emas. Suzishni o‘rgatayotganda odamni birinchi kuniyoq okeanning o‘rtasiga tashlab yubormaymiz-ku.

Sharoit yaratamiz. Qoidalarni tushuntiramiz. Zarur bo‘lsa, yordam beramiz.

Erkinlik va mas’uliyat bir-biriga zid tushunchalar bo‘lishi shart emas.

Men bir narsani tushunishni istayman: nega biz kelajakdagi ehtimoliy tartibsizlikdan shunchalik xavotirlanamiz-u, bugungi sukunatning zararini yetarlicha hisobga olmaymiz?

Kanalda komment yozish imkoniyati yo‘q.

Murojaatga tushunarli javob kelmaydi.

Rahbarning qarorini savol ostiga qo‘yish noqulay hisoblanadi.

Odamlar esa asta-sekin jim yurishga o‘rganadi.

Tashqaridan qarasangiz, hammasi tinch.

Hech kim bahslashmaydi.

Hech kim norozilik bildirmaydi.

Hech kim qattiq savol bermaydi.

Ammo bu tinchlikning o‘zi jamiyatda muammo yo‘qligini anglatmaydi.

Balki odamlar gapirishdan foyda yo‘qligiga ishonib qolgandir?

Yana boshqa ehtimol ham bor: balki odamlar shunchaki rozi, hayotidan mamnun va muhokama qilishni istamayotgandir.

Buni ham inkor qilib bo‘lmaydi.

Shu sababli faqat sukunatning o‘ziga qarab jamiyat haqida xulosa chiqarish qiyin.

Sukunat har doim rozilik belgisi emas. Lekin u har doim norozilik belgisi ham emas.

Muhimi, odam gapirishni istaganida, unga buning uchun imkoniyat mavjud bo‘lishidir.

⸻

Bizga xatosiz rahbarlar kerak emas

Bu yerda bitta narsani alohida aytib o‘tmoqchiman.

Men hokim, rektor, vazir yoki boshqa mansabdor shaxs umuman xato qilmasligi kerak deb o‘ylamayman.

Axir ular ham odam.

Xato qilishi mumkin.

Noto‘g‘ri qaror qabul qilishi mumkin.

Biror vaziyatni noto‘g‘ri baholashi mumkin.

Hatto katta lavozimda ishlayotgan odam ham hamma narsani bilishi shart emas.

Buning hech qanday g‘ayritabiiy joyi yo‘q.

Meni xatodan ko‘ra unga bo‘lgan munosabat ko‘proq qiziqtiradi.

Masalan, hokim bir qaror qabul qildi. Keyin odamlar bu qarorning salbiy oqibatlarini ko‘rsatib berishdi.

Hokim esa:

«Ha, biz bu jihatni hisobga olmagan ekanmiz. Qarorni qayta ko‘rib chiqamiz», — dedi.

Nima bo‘pti?

Shu bilan uning obro‘si yo‘qoladimi?

Yoki universitet rektori:

«Talabalar bu masalada haq ekan. Bizning qarorimiz noto‘g‘ri bo‘lgan», — desa, universitet binosi qulab tushadimi?

Yo‘q-ku.

Aksincha, bunday munosabat vaqt o‘tishi bilan ishonch shakllanishiga yordam berishi mumkin.

O‘z xatosini tan olgan shifokor, noto‘g‘ri maslahat berganini ayta oladigan yurist, hisob-kitobini qayta tekshiradigan muhandis yoki kodidagi xatoni tan oladigan dasturchi haqida ham shu fikrni aytish mumkin.

Ularning kasbiy obro‘si xato hech qachon sodir bo‘lmasligiga emas, xatolarga qanday munosabatda bo‘lishiga ham bog‘liq.

Ammo xatoni tan olmaslik uchun yana bir xato qilish, tanqidni cheklash, savol bergan odamdan qutulishga urinish — bu allaqachon boshqa masala.

Odamlar rahbarning xato qilganini unutishi mumkin.

Ammo o‘zlarini mensimaganini uzoq eslab yurishadi.

Shuning uchun men xatosiz insonlar jamiyatini emas, xatosini tan olish uyat hisoblanmaydigan jamiyatni tasavvur qilaman.

⸻

«Murojaatlar soni» degan g‘alati mezon

Yana rasmiy hisobotlarga qaytaylik.

«Bir oyda 800 ta murojaat ko‘rib chiqildi».

Xo‘p.

«Shundan 600 tasi ijobiy hal etildi».

Juda yaxshi.

Ammo men boshqa raqamlarni ko‘rishni istardim.

Nechta muammoning asl sababi yo‘qotildi?

Nechta odam qayta murojaat qilishga majbur bo‘lmadi?

Nechta ortiqcha hujjat bekor qilindi?

Nechta davlat xizmati soddalashtirildi?

Nechta muammo fuqarolar shikoyat qilishidan oldin aniqlandi?

Bir idoraga yil davomida bir xil mazmundagi o‘n mingta murojaat kelsa, bu o‘n ming kishining muammosini eshitishga muvaffaq bo‘linganini ko‘rsatishi mumkin.

Lekin boshqa tomondan, bu tizimda o‘sha muammoni tug‘dirayotgan sabab mavjudligidan ham dalolat berishi mumkin.

Masalan, har kuni yuz kishi bitta xizmatni olish uchun navbatda tursa, ularning barchasini qabul qiladigan yana o‘nta operator yollash mumkin.

Yoki nima uchun navbat paydo bo‘layotganini aniqlab, xizmatni soddalashtirish mumkin.

Birinchi holatda muammoning oqibatini boshqarasiz.

Ikkinchisida esa uning sababini kamaytirasiz.

Xuddi shunday, bank har kuni minglab mijozlarning bir xil savoliga javob berayotganidan faxrlanishi mumkin.

Ammo balki dastlabki shartnomani odam tushunadigan tilda yozish kifoyadir?

Internet provayder har kuni yuzlab texnik murojaatlarni muvaffaqiyatli yopayotgan bo‘lishi mumkin.

Lekin nega bir xil nosozlik har hafta qayta sodir bo‘lyapti?

Dastur ishlab chiqaruvchi kompaniyada yordam xizmatining xodimlari juda tez ishlashi mumkin.

Ammo balki dastur interfeysini bir marta to‘g‘rilab qo‘yish foydalanuvchilarning yuzlab savollarini yo‘qotar?

Ba’zan tashkilot muammoni hal qilish uchun juda ko‘p mehnat qiladi.

Lekin muammo umuman yuzaga kelmasligi uchun nima qilish kerakligini kamroq o‘ylagandek tuyuladi.

Mamdani videosida meni qiziqtirgan jihat ham shu edi.

Gap obunani bekor qilishning o‘zida emas.

Gap odamning hayotini soddalashtiradigan o‘zgarishni unga sodda tilda tushuntirishda.

Bunday yondashuvni kichik do‘kon ham qo‘llashi mumkin.

Xususiy kompaniya ham.

Universitet ham.

Hokimlik ham.

Vazirlik ham.

Buning uchun albatta million dollarlik loyiha kerak emas.

Ba’zan oddiy savol yetarli:

«Biz qilayotgan ish odamlarga rostdan ham qulaylik yaratyaptimi?»

⸻

Men qanday jamiyatni tasavvur qilaman?

Men bir kuni shunday odatiy manzarani ko‘rishni istardim.

Bir fuqaro davlat idorasining rasmiy kanalida savol beradi.

Mas’ul shaxs unga javob beradi.

Fuqaro javobdan qoniqmaydi, qo‘shimcha dalil keltiradi.

Idora bu dalilni o‘rganadi.

Agar xato aniqlansa, uni tuzatadi.

Agar fuqaroning da’vosi asossiz bo‘lsa, nima uchun asossiz ekanini tushuntiradi.

Agar kimdir haqorat yoki tahdid qilsa, vaziyatga qonuniy va mutanosib munosabat bildiriladi.

Muammo hal qilingach, natijasi ham ko‘rsatiladi.

Faqat «nazoratga olindi» emas.

Faqat «o‘rganilmoqda» emas.

Faqat «tegishli tashkilotga yuborildi» emas.

Balki:

«Muammo mana shu edi. Sababi mana bu. Biz mana bunday choralar ko‘rdik. Natijasi mana bu. Hali hal qilinmagan qismi esa mana shu».

Bu juda oddiy tuyuladi.

Ammo tasavvur qiling, millionlab odamlar har kuni duch keladigan tashkilotlar shunday ishlasa, hayotimiz qanchalik o‘zgarishi mumkin.

Odam shikoyat qilsa, javob olishiga ishonsa.

Rahbar tanqidni eshitsa, uni shaxsiy dushmanlik deb qabul qilmasa.

Ishchi o‘z rahbarining xatosini ko‘rsatishdan qo‘rqmasa.

Talaba o‘qituvchiga savol bergani uchun o‘zini aybdor his qilmasa.

Mijoz xizmat sifatidan norozi ekanini aytsa, unga dushmandek munosabatda bo‘lishmasa.

Oddiy fuqaro mansabdor shaxsga «nega?» deb savol berganida, shu savolning o‘zi hurmatsizlik hisoblanmasa.

Bunday jamiyatda bahslar yo‘qolib ketmaydi.

Ehtimol, aksincha, ko‘payadi.

Ammo bahs mavjudligining o‘zi yomon emas-ku.

Meni ko‘proq bahsning qanday yakunlanishi qiziqtiradi.

Kimdir fikrini o‘zgartirishi mumkin.

Kimdir o‘z xatosini ko‘radi.

Kimdir yangi ma’lumot oladi.

Kimdir esa baribir o‘z fikrida qoladi.

Bu ham tabiiy.

Axir har bir suhbatda g‘olib va mag‘lub bo‘lishi shart emas.

Ba’zan odamlar bir-birini tushunib olsa ham yetarli.

⸻

Lekin agar hamma shunday bo‘lib qolsa-chi?

Mana shu joyga kelganda o‘zim ham ikkilanib qolaman.

Tasavvur qiling, yuqorida aytganlarimning hammasi ro‘yobga chiqdi.

Hamma tanqidni eshitadi.

Hamma xatosini tan oladi.

Barcha idoralar tushunarli javob beradi.

Barcha tashkilotlar o‘z faoliyatini ochiq tushuntiradi.

Muloqot madaniyati shakllangan. Odamlar bir-biriga hurmat bilan munosabatda. Muammolar aniqlanadi va imkon qadar tez hal qilinadi.

Ajoyib-ku?

Lekin negadir shu manzarani oxirigacha tasavvur qilganimda nimadir g‘alati tuyuladi.

Nimadir yetishmayotgandek.

Balki men odamlarning nomukammalligiga haddan tashqari o‘rganib qolgandirman.

Balki muammolar bilan yashashni shunchalik tabiiy qabul qilgandirmanki, ular yo‘qolgan jamiyatni tasavvur qilishning o‘zi qiyinlashgandir.

Yoki balki masala bundan ham murakkabroqdir.

Masalan, hamma tanqidni eshitishga o‘rganib qolsa, bir kuni tanqidning o‘zi oddiy rasmiyatchilikka aylanib qolmaydimi?

Rahbar har safar xato qilganida omma oldida uzr so‘raydi.

Juda yaxshi.

Lekin keyinchalik uzr so‘rash ham oldindan tayyorlangan matn, chiroyli video va navbatdagi PR tadbiriga aylanib qolsa-chi?

Bugun biz rahbarning xatosini tan olishini istaymiz.

Ertaga esa uning har bir uzridan ham shubhalana boshlashimiz mumkin.

«Samimiy emas».

«Matnni yordamchisi yozib bergan».

«Kamera uchun aytyapti».

«Obro‘sini saqlab qolmoqchi».

Va balki ba’zan haq bo‘larmiz.

Demak, faqat ochiqlikning o‘zi ham barcha muammolarni hal qilmas ekan.

Yana bir savol.

Agar har bir qaror yuzlab odamlarning muhokamasidan o‘tishi kerak bo‘lsa, qaror qabul qilishning o‘zi qiyinlashib ketmaydimi?

Axir odamlarning fikrlari hamisha bir xil emas.

Bir odam uchun adolatli bo‘lgan qaror boshqa odam uchun noqulay bo‘lishi mumkin.

Bir odam erkinlik deb bilgan narsani boshqasi mas’uliyatsizlik deb hisoblashi mumkin.

Birinchisi:

«Nega fikrimni eshitmaysiz?» — deydi.

Ikkinchisi:

«Nega uning fikriga quloq tutib, mening manfaatimni hisobga olmaysiz?» — deydi.

Uchinchisi esa umuman bu mavzuga aralashishni istamaydi.

Xo‘sh, barchani qanday rozi qilamiz?

Balki buning iloji yo‘qdir.

Ehtimol, biz izlayotgan mukammal tizim umuman mavjud emasdir.

Yana ham g‘alatiroq fikr keladi xayolimga.

Balki bu muammolarning hammasi hal bo‘lishi ham kerak emasdir?

Balki ayrim qarama-qarshiliklar jamiyatning tabiiy bir qismidir.

Balki har bir kelishmovchilikni yo‘qotishga urinish odamlarning mustaqil fikrlashiga ham zarar yetkazar.

Balki insonlar aynan shu bahslar, xatolar, tushunmovchiliklar va ularni yengishga urinishlar orqali rivojlanar.

Agar bir kuni hamma narsa biz istagandek ishlasa, unda biz nimadan norozi bo‘lamiz?

Hech narsadanmi?

Bunga ishonish qiyin.

Balki bugun biz uchun katta muammo bo‘lib ko‘ringan narsalar hal bo‘lgach, hozir umuman xayolimizga kelmaydigan boshqa muammolar paydo bo‘lar.

Bir paytlar odamlar axborot yetishmasligidan qiynalgan bo‘lsa, bugun uning haddan tashqari ko‘pligi bilan kurashmoqda.

Bir paytlar odamlar o‘z fikrini keng auditoriyaga yetkazish imkoniyatini orzu qilgan bo‘lsa, bugun ba’zan o‘sha auditoriyaning cheksiz fikrlaridan charchab qolmoqda.

Demak, bir muammoning yechimi boshqa muammoning boshlanishi ham bo‘lishi mumkin.

Lekin bu mavjud muammolarga befarq qarash kerak degani ham emas.

Shunchaki men hamma narsaning yakuniy, mukammal yechimi borligiga tobora ko‘proq shubha bilan qarayapman.

Ehtimol, yaxshi jamiyat hech qachon muammosiz bo‘lmaydi.

Ehtimol, uning farqi muammolarning mavjud yoki mavjud emasligida emas, ular bilan qanday munosabatda bo‘lishidadir.

Yoki men butunlay adashayotgandirman.

Bilmayman.

Va menimcha, bu safar bilmasligimni tan olishdan uyalmayman.

⸻

Oxirida esa…

Men hech kimdan o‘zimga yoqadigan gaplarni aytishni talab qilmayman.

Meni ham tanqid qilishsin.

Xatolarimni ko‘rsatishsin.

Agar noto‘g‘ri gapirsam, dalil bilan tushuntirishsin.

Agar kimnidir nohaq ayblasam, javob berishga tayyor bo‘lishim kerak.

Men ham boshqalar kabi qonun oldida javobgarman.

Lekin shu bilan birga, men ham o‘z savollarimni berishga, boshqalarning faoliyatini muhokama qilishga va asosli javob talab qilishga haqliman.

Erkinlik faqat menga tegishli bo‘lsa, bu erkinlik emas, imtiyoz.

Javobgarlik faqat oddiy odamga tegishli bo‘lsa, bu ham tenglik emas.

Tanqid faqat yuqoridan pastga qarab yo‘nalishi mumkin bo‘lsa, buni ochiq muloqot deb atash qiyin.

Men shunday jamiyatni xohlardimki, unda odamlar rahbar bilan bahslashish uchun avval uning kimligidan qo‘rqib o‘tirmasin.

Rahbar esa tanqidni eshitgan zahoti uni shaxsiy dushmanlik deb qabul qilmasin.

Do‘kon sotuvchisi ham, universitet rektori ham, hokim ham, vazir ham, Prezident Administratsiyasidagi mas’ul xodim ham bir narsani tushunsin:

Lavozim — tanqidni eshitmaslik huquqi emas. Mas’uliyat esa faqat boshqalardan talab qilinadigan narsa emas.

Men hech qachon hech kim xato qilmaydigan jamiyatni orzu qilmayman.

Bunday jamiyatning bo‘lishiga ishonmayman ham.

Men odamlar xatolarini yashirish o‘rniga tuzatadigan, savollardan qochish o‘rniga ularga javob beradigan, tanqidni dushmanlik emas, muammoni ko‘rish imkoniyati sifatida qabul qiladigan jamiyatni tasavvur qilaman.

Va yana bir narsani.

Men davlat tashkilotlariga ishonish uchun ularning xatosiz ekaniga ishonishim shart emas. Men ularning xato qilganida ham adolatli va ochiq ish tutishiga ishona olishni istayman.

Chunki ishonch hech kim xato qilmaydigan joyda emas, xatoga qanday munosabat bildirilishi orqali ham shakllanadi.

Aytgancha, hammasi oddiygina Telegram kanaliga muhokama guruhi qo‘shish haqidagi bahsdan boshlangan edi.

Qarang, qayergacha yetib keldik.

😂

Oddiygina bir videoni ko‘rdim. Obunani bekor qilish haqidagi 30 soniyalik rolik.

Undan hokimlarning faoliyatiga o‘tdim.

Keyin universitetga.

Uch yulduzlik g‘iybatga.

Rektorning haqoratlanishiga.

Davlat idoralariga murojaat qilishga.

Oddiy do‘kon, shifoxona, bank, zavod va boshqa tashkilotlarga.

Oxirida esa butun jamiyat qanday bo‘lishi kerakligi haqida o‘ylab qoldim.

Hatto bir payt kelib, o‘zim tasavvur qilayotgan jamiyatning ham yaxshi ekaniga shubhalana boshladim.

Balki men haddan tashqari murakkablashtirib yuborgandirman.

Balki bu narsalarning birortasi ham men o‘ylaganchalik muhim emasdir.

Balki aksincha, bugun oddiy ko‘rinayotgan muammolar ertaga juda katta oqibatlarga olib kelar.

Bilmadim.

Menga bu savollarning barchasiga javob topish shart emasdek tuyulyapti.

Axir men siyosatshunos emasman. Faylasuf ham emasman. Hech qanday davlat tashkilotini boshqarmayman. Jamiyat qanday bo‘lishi kerakligini belgilab berish vakolatim ham yo‘q.

Men shunchaki atrofimda ko‘rayotgan ayrim holatlarni tushunishga harakat qilayotgan oddiy odamman.

Ba’zan kulaman.

Ba’zan jahlim chiqadi.

Ba’zan kimningdir fikriga qo‘shilaman.

Ba’zan esa bir necha soat oldin o‘zim ishonib turgan fikrimdan ham shubhalanib qolaman.

Ehtimol, bu ham tabiiydir.

Bugun yozgan gaplarimning ayrimlariga besh yildan keyin qo‘shilmasligim ham mumkin.

O‘n yildan keyin ularni o‘qib, ayrim xulosalarim qanchalik sodda yoki biryoqlama bo‘lganiga kulishim ham mumkin.

Lekin hozir men aynan shunday o‘ylayapman.

Hozircha javobim shu.

Balki bir kuni fikrim o‘zgarar.

Va agar o‘zgarsa, bundan uyalmaslikka harakat qilaman.

Chunki men uchun fikrimni abadiy to‘g‘ri deb hisoblashdan ko‘ra, uni qayta ko‘rib chiqish imkoniyati muhimroq.

Balki haqiqiy erkinlikning bir qismi ham shudir.

Faqat gapirish imkoniyati emas.

O‘ylash, adashish, savol berish, fikrni o‘zgartirish va bularning barchasi uchun o‘zingni oqlashga majbur bo‘lmaslik imkoniyati.

Albatta, boshqalarning huquqini hurmat qilgan holda.

Va nihoyat, bir savol haligacha ochiq qolmoqda:

«Nega siz bizni kanalingizga chaqirasiz-u, gapirishimizga imkon bermaysiz?»

Balki bir kuni bu savolga «odamlar hali tayyor emas» degan javob o‘rniga:

«Gapiring, eshitamiz. Agar haq bo‘lsangiz, tuzatamiz. Agar nohaq bo‘lsangiz, tushuntiramiz», — deb javob beriladigan davr ham kelar.

Yoki balki bunaqa davr hech qachon kelmas.

Bilmadim.

Ammo shuni bilamanki, men bugun shu narsalar haqida o‘yladim. Ularni yozdim. Hech kim buyurgani uchun emas. Kimnidir ayblash yoki o‘zimni boshqalardan aqlliroq ko‘rsatish uchun ham emas.

Shunchaki bu fikrlar xayolimdan o‘tdi va ularni bir joyda qoldirgim keldi.

Balki buni hech kim o‘qimas.

Balki kimdir birinchi ikki xatboshini o‘qib, zerikib ketar.

Balki kimdir o‘qib, «bu bola nimalarni o‘ylab yuribdi?» deb kulib qo‘yar.

Balki hatto hech kim bu postga bitta ham like bosmas.

Mayli.

Bu fikrlarning qiymatini qancha odam o‘qigani yoki qancha odam ma’qullagani bilan o‘lchash niyatim yo‘q.

Ammo bir narsa aniq: bu yozuv shu joyda, shu joy mavjud ekan, turaveradi.

Bir kuni o‘zim qayta o‘qishim uchun.

O‘sha paytdagi o‘zim bilan bugungi o‘zimni solishtirishim uchun.

Balki hozirgi fikrlarimdan voz kechishim uchun.

Balki ularni yanada yaxshiroq tushunishim uchun.

Va balki bir kuni shu matnni qayta o‘qib, o‘zimga bitta savol berarman:

«Xo‘sh, o‘shandan beri nima o‘zgardi? Jamiyatmi yoki men?»

Muhokamalar
Hozircha suhbat yo‘q. Birinchi fikrni siz yozing.