love is...
Bilamizmi?
Balki, bilmaymiz.
Go‘zallik ortidan quvish hikmati bor «ahmoqlik».
Yeb qo‘yib, azob chekish — bundan ham ahmoqlik.
Yana xalqqa jar solish, mansabparast — ahmoqlik.
Sevgi mavzusi juda qiziq. Hamma har narsa deydi, ammo meni bir tomonning qarashlari juda o‘ylantiradi. Bu ham bo‘lsa, sevgidan jabr ko‘rgan «jabrdiydalar». Shunday «jabrdiyda»larni ko‘rganimda o‘zimga va vijdonimga savol beraman: xo‘sh, bular to‘g‘ri yo‘ldami? Bir vaqtda ha va yo‘q.
Nega ha? Sababi, u o‘zining juda tor dunyoqarashi bilan (har holda, shu mavzudagi) borini bergan va kutgan natijasini ololmagan. Afsuski, bu «ha» degan javobimni bundan ortiq ta’riflay olmayman, sababi mening ham aqlim yetmaydi.
Nega yo‘q? Ohho, bu tomon juda qo‘rqinchli, jiddiy va amalda men uchun dolzarb. Men ovqat qilishni sevaman, degani bu dunyodagi eng zo‘r oshpazman, degani emas va mening ovqatim dunyodagi eng zo‘ri, degani ham emas. Muhimi, men o‘sha jarayonni sevaman, men o‘sha jarayon hosilasini sevaman. Eng ayanchlisi, men bu jarayonni yana bot-bot qaytarishim lozim.
Endi yuqoridagi tushunarsiz o‘xshatishdagi misolni biroz realroq qilamiz. Men juda ham yaxshi ko‘rganim yoki yaxshi ko‘raman deb o‘ylaganim uchun bir mushuk asrab oldim, deylik. Xo‘sh, mushuk meniki? Nazarimda esa, hali boshidagi javob: «ha» va «yo‘q».
Nega ha? Men uning ustidan mas’uliyatni oldim, ammo u mas’uliyatni menga topshirmadiku. Deylik, ha, u rozi. Sinash uchun eshikni ochiq qoldiramiz va ketadimi yoki yo‘qmi, tekshiramiz. Agar u qolsa… Demak, u meniki, demak, men unga mas’ulman. Boqaman, tarbiyalayman, kerak bo‘lsa, hatto ko‘payishiga zamin yarataman.
Lekin savol: agar u ketib qolsa-chi? Albatta, u ovqat emas, o‘xshamay qolgani uchun to‘kib tashlashga yaramaydi, u jonzot. Men esa boshida o‘zimni unga mas’uldek tutgan edim, o‘zimdan «xo‘jayin» yasab olgan edim. Endi esa u egasiz ketib qoldi. Xo‘sh, endi unga kim javobgar, o‘zimmi?
Deylik, mushukni qo‘shnining iti beqarov qolganidan foydalanib g‘ajib tashladi va bu jarayonda kuchuk bir ko‘zidan butkul ayrildi, mushuk esa o‘ldi. Xo‘sh, mening aybim yo‘qmi bu jarayonda?
Boshqalarni bilmadim, ammo mening vijdonimda bunga men sababchiman. Men mushukni asrab olmaganimda, u o‘lmas, qo‘shnining kuchugi ko‘r bo‘lib qolmas edi. Yana qaysidir «qahramon» esa hamma aybni qo‘shniga va uning itiga qoldirishi ham mumkin. Ammo qaydan biladi, balki qo‘shni ham u kabi erkinlikparvardir? Nu, iti ham atay qilmagan, o‘z kuchini noto‘g‘ri baholagan, umuman, hujum qilmoqchi bo‘lmagan, shunchaki o‘ynamoqchi bo‘lgan. Bo‘lishi mumkinmi? Bo‘lishi mumkin.
Xo‘sh, men qotilmanmi? Ha, hech bo‘lmaganda, o‘z vijdonim qotili.
Endiii. Kartinamizni sal ochiqlaymiz va boshidagi «insonlar» mavzusiga qaytamiz. Biz munosabatlar haqida nimalarni bilamiz va nimalarni bilishimiz kerak, nimalarni esa bilishimiz shart? Javob oddiy: men bilmayman! Ammo men bilaman, lekin bilganlarim faqat o‘zim uchun to‘g‘ridir, degan xayollar bilan birovlarga ulashgim kelmaydi.
Bilganim shuki, munosabatlar bir necha «ong» va «shuur» zamirida boradi. Bu yerdagi burilishlar shunchaki vaziyatni emas, egalarining hayot shaklini ham nazorat qila oladi ba’zi paytlarda.
Demaaak, endi aql o‘rgatishni boshlaymiz. Mii?
«Men uni sevardim, lekin u meni tashlab ketdi, endi menga hayot qorong‘i, o‘zimni o‘ldiraman». Kechirib qo‘yasizuuu, men buni sevgi uchun qurbonlik deb o‘ylamayman. Haa, tushunaman, u bilan o‘tgan kunlaringiz rang endi u siz oq-qora bo‘lib qolgan bo‘lishi mumkin, ammo tushuning, u ham alohida shaxs va siz haqiqiy muhabbatingiz bilan uni qo‘yib yubora olishingiz kerak.
Bunda nimadir xatomi? Demak, xato o‘zingizda. Nima, siz uni qulingiz sifatida ko‘rganmidingiz yoki xo‘jayiningiz? Axir, ikkalasi ham xatoku?
Nuuu, vapsheta, real qaraylik: siz nimani xohlagansiz va nimani xohlayapsiz? O‘zingizni o‘ldirishnimi yoki bo‘shliqni to‘ldirishnimi? Har kuni uyquga yotasiz, to‘g‘rimi? Har kuni uxlaysiz, ha, tan oling, kam bo‘lsa ham uxlaysiz. Demak, usiz yashay olgansiz. Ba’zan u tushlaringizga kirgan, ba’zan esa yo‘q. Demak, bu fakt: usiz ham hayot bor.
Bilasizmi, muammo nimada? Muammo sizning, bizning, insoniyatning ongida. U bitta ishni qaytadan qilishni yomon ko‘radi. U uchun bu zerikarli: yangisini topish, tajriba orttirish. U uchun bu ham xuddi ishdek, u bundan zavq olmaydi. Sizning omadsiz va landovur ekanligingiz buni battar alangalatadi. Ha, balki siz unday emasdirsiz, ammo shunday o‘ylashingiz buni reallashtiradi.
Bunaqa ma’nosiz gaplar bilan nima demoqchiman? Iltimos, o‘zingizni va o‘zingizga o‘xshaganlarni qiynamang! Menga o‘xshaganlarni esa azoblamang. Ha, azoblamang va qiynamang.
Tasavvur qiling, sizning kimnidir sevishdek baxtga muyassar bo‘ldingiz. Xo‘sh, bu yomonmi? Yo‘q. Ammo o‘ta dahshatli. Kitoblarda… Har holda, men o‘qigan kitoblarda chin sevgi shunday ta’riflanadiki, u insonni ko‘r qilib qo‘yadi.
Bir joyda eshitgan edim: Majnun Layliga oshiq bo‘lib, uning visoli og‘ushida, uni xayol qilib yo‘lda ketayotganda, juma namozini qo‘yitgan jamoat oldidan na salom, na hurmat ko‘rsatib, be’etibor, hurmatsizlik ila o‘tib ketadi. Buni ko‘rgan jamoat namozdan keyin uni tutib qo‘yadi: «Nega sen bunday hurmatsizlik qilding? Axir, bilasanku, namoz o‘qiyotgan banda oldidan o‘tish mumkin emas. Sen esa nafaqat o‘tding, hatto salom bermading?»
Shunda Majnun degan ekan: «Men bitta bandaning ishqida butun jamoatni ko‘rmay qoldim. Aa, sizlar Xudo ishqida meni ko‘ryapsizlarmi? Hayf bu ishqqa!» — deya bosh ko‘targan ekan.
Bilmadim, bu rost yoki yo‘q. Haqiqiy ishq bo‘lsa, shunday bo‘ladi, ya’ni u uchun kurashish shart emas, uning ishqi borida u ishqdan zavq ola bilish haqiqiy sevgidir.
Ammo bu yerda muhim noziklik bor: boshqa narsalarni ko‘rmay qolish sevgining kuchini ifodalashi mumkin, lekin bu holatning o‘zi sevgining haqiqiyligini isbotlamaydi. Kurashish esa faqat isbot uchun bo‘lishi, majburlash bo‘lmasligi lozim.
Va shu onda bir ayanchli, ammo amalda qat’iy qoida bor: visolga yetganda ishq tuslanadi. Har qancha mehr berib, shirin ovqat qilganimdan keyin ma’lum vaqt ovqat qilishga bo‘lgan ishqim soviydi. Ammo bilaman, yana bir muddatdan keyin yana shu ish keladi, ammo men uni unutaman, men unga e’tibor bera olmayman.
Bu mening isyonimmi yoki irodasizligimmi? Menimcha, ikkisi yoki hech biri, ya’ni boshqa vajlar ham emas. Bu shunchaki inson tabiati, inson irodasi tabiati. Xudo shunday yaratgan, u insonga bebaho ne’mat — irodani in’om qilgan. Biz nima qilyapmiz? Bu irodani insonlarni azoblash, ne’matlarni isrof qilish bilan namoyon qilyapmiz.
Xo‘o‘o‘sh, nima to‘g‘ri? Aytmayman! Chunki men to‘g‘ri degan narsa ham sizga xato bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Aytaymi, baribir? Bu dunyoda hamma narsaga mos keladigan, yagona va universal «to‘g‘ri» tushunchasining o‘zi yo‘q. Har bir inson hayotni o‘z tajribasi, o‘z og‘riqlari va o‘z ongi prizmasidan ko‘radi.
Ammo dunyoda ikki xil kishilar bor: men va boshqalar. Sevgi asnosida men, siz yoki ular uni yaratdi, ya’ni u — bu sevgi hosilasi bo‘lmish boshqa bitta shaxs.
Men uni yaratishim bilan jamiyat qoliplari asosida uni tarbiyalashga urindim. Ba’zan ongli, ba’zan esa ongsiz. Keyin o‘ylab qoldim: to‘xta… Men nima qilyapman? Uni mute’ligidan foydalanib, ikkinchi o‘zimni yasayapmanmi yoki bo‘la olmagan menimni qurayapmanmi? Unda men nimani sevdim? Men nimani tanladim? Bosh hissiyotlar yoziladigan fleshkanimi? Yo‘q. Axir, u inson.
Qaysidir vaqtda bir narsani tushundim: men unga buyruq berishim emas, bu nima ekanligini va boshqa variantlar qanday ekanligini tushuntirishim yoki tushunishiga zamin yaratishim kerak, xolos. Ammo men buni qila olayapmanmi? Ba’zan ha, ba’zan esa yo‘q. Buning uchun vijdonim qiynalayaptimi? Umuman yo‘q. Men buni to‘g‘ri deya olamanmi? Bilmayman. Muammo ham shu yerda.
Ya’ni bu tomonda o‘yin qoidalari yo‘q, ammo jiddiy oqibatlari bor. Sababi esa narigi tomonda ham xuddi siznikidek hajmda «ego» bor, ammo hajm bir xil, shakli farq qiladi: kimdadir xanjar shaklida, kimdadir esa dast ro‘mol.
Mana shu yerda tasavvurdagi sevgi va ego o‘rtasida haqiqiy 1 vs 1 jangi boshlandi. Aql va ong betartib muzokaralarni boshlaydi va bir-biridan go‘zal hislar hamda bir-biridan ayanchli qarorlarni qabul qiladi.
Bir tomonda qabul qilingan qaror boshqa tomonni mamnun qilishi ham, yoqmasligi ham, ochiq qoldirishi ham mumkin. Ammo bilish kerakki, ochiq joyda yilvizak bo‘ladi. Bu yerdagi sovuq urushga ham tayyor bo‘lish kerak.
Munosabatlar hech qachon to‘liq ideal bo‘lmaydi. Har qanday inson bunga tayyor bo‘lishi va ma’lum miqdorda bufer bilan bo‘lishi shart. Bir og‘iz «charchadim» so‘zini buferdagi «kechir» so‘zi bilan almashtirish butunlay boshqa olam uchun zamin yaratdi. Ammo bu yerda hali aytilgan egoning shakli va qudrati ko‘p narsani hal qiladi.
Bu borada L. Engibarovning «Soyabon» hikoyasi ko‘p qirrali o‘rnak bo‘la oladi. (Vikipediyani qarang yoki quyidagi linkni bosing.)