← Blog

Marradan keyingi masal

Quyon va toshbaqa masalining davomidan boshlangan inson ojizligi, ilohiy adolat, sabr va mas’uliyat haqidagi mulohazalar.

Bu shunchaki o‘qib ketiladigan maqola emas. Matndagi biror fikrni belgilang va unga o‘z munosabatingizni bildiring.

Muhokamaga qo‘shilish

«Qochgan ham Xudo deydi, quvgan ham Xudo deydi…»

Bolaligimizda quyon bilan toshbaqa haqidagi masalni o‘qiganmiz. Quyon o‘ziga haddan tashqari ishonib, yo‘lda uxlab qoladi. Toshbaqa esa sekin, ammo tinimsiz harakat qilib, marraga birinchi yetib keladi. Toshbaqa g‘olib, quyon mag‘lub. Biz bundan sabr, mehnat va kibrning oqibati haqida saboq chiqarganmiz. Masal shu yerda tugaydi. Ammo bir kecha xayolimga g‘alati savol keldi: nega hikoya aynan marrada yakunlanishi kerak?

Tasavvur qiling, mag‘lubiyat alamidan yongan quyon o‘sha oqshom toshbaqaning uyiga bordi. Uyda bayram: dasturxon yozilgan, bolalar quvonmoqda, butun oila toshbaqaning g‘alabasini nishonlayapti. Quyon esa eshikni qulflab, toshbaqani bog‘lab qo‘ydi. Uning ko‘z o‘ngida oilasini shafqatsizlarcha halok qildi, so‘ng toshbaqaning o‘zini ham o‘ldirdi. Dasturxondagi taomlardan to‘yib yegach, uyiga xush kayfiyat bilan qaytdi.

Xo‘sh, endi ayting-chi, kim g‘olib? Toshbaqa poygada yutdi, ammo hayotidagi hamma narsasidan ayrildi. Quyon esa poygada yutqazib, o‘zidan kuchsizroq mavjudotning butun borlig‘ini yakson qildi. Bolaligimizda bizga faqat marragacha bo‘lgan voqeani aytishgan. Balki kattalarning hayoti marradan keyin boshlanar.

Endi masalaga boshqa tomondan qaraylik. Toshbaqa bog‘langan, oilasi ko‘z o‘ngida halok bo‘lmoqda, o‘zi esa hech narsa qilolmaydi. Bunday chorasizlikda u nima qiladi? Yolvoradi, yordam so‘raydi, oxirgi umidi Xudo bo‘ladi. Quyon-chi? Balki u ham poygadan oldin Xudodan g‘alaba so‘ragandir. Mag‘lub bo‘lgach, qasos olish uchun kuch tilagandir. Balki o‘sha vahshiylikdan keyin uyiga qaytib, bugungi kuni uchun Yaratganga shukr ham qilgandir. Qochgan ham Xudo deydi, quvgan ham Xudo deydi. Xudo kimni yorlaqaydi?

Urushda ikki taraf ham g‘alaba tilaydi. Mazlum najot, zolim esa yanada ko‘proq kuch so‘raydi. Ikkalasi ham o‘zini haq deb bilishi, hatto bir Xudoga sig‘inishi mumkin. Ammo ikkisi ham barobariga haq bo‘lishi shartmi? Biz ko‘pincha o‘zimiz xohlagan natijani ilohiy marhamat deb bilamiz, erisholmaganimizda esa buni sinov, taqdir yoki hikmatga yo‘yamiz. Go‘yo yutsak, Xudo biz tomonda, yutqazsak, U bizni sinayotgan bo‘ladi. Holbuki, insonning istagi bilan Xudoning adolati har doim ham bir narsa emas.

Buni tushunish uchun Ayyub alayhissalomning qissasini eslash kifoya. U zot og‘ir musibatlarni boshdan kechirdilar. Sog‘liqlari, mol-dunyolari va yaqinlari bilan bog‘liq ulkan sinovlarga duchor bo‘ldilar. Ammo bu musibatlar u zotning Alloh huzurida qadrsiz ekanlarini anglatmas edi. U zot: «Menga musibat yetdi. Sen rahm qiluvchilarning eng rahmlisisan», deya Robbilariga iltijo qildilar. Alloh esa u zotning duolarini ijobat qildi. (Anbiyo surasi, 83–84-oyatlar.)

Endi o‘ylab ko‘ring. Agar insonning baxtini faqat sog‘lig‘i, boyligi yoki muvaffaqiyati bilan o‘lchasak, Ayyub alayhissalomning sinovli davrini qanday tushuntiramiz? Nahotki musibatga uchragan inson mag‘lub bo‘lsa? Nahotki dunyoda kulib yurgan har bir kishi g‘olib bo‘lsa? Unday bo‘lsa, quyon ham g‘olib. Axir u qasosini oldi, qornini to‘ydirdi, uyiga xursand qaytdi. Lekin uning xursandligi haq ekanini isbotlaydimi? Yo‘q. Chunki insonning o‘zini baxtli his qilishi uning haq ekanini anglatmaydi. Azob chekishi esa Alloh undan yuz o‘girganini bildirmaydi.

Biroq bu yerda yana bir og‘ir haqiqat bor. Ayyub alayhissalomning musibatlari aridi, lekin bu dunyoda hammaning dardi ham arimaydi. Kimdir shifo topadi, kimdir kasallik bilan vafot etadi. Kimdir yo‘qotganlarini qaytarib oladi, kimdir esa butun umr o‘sha ayriliqning og‘rig‘i bilan yashaydi. Bu ularning biri ikkinchisidan ko‘ra Allohga yaqinroq yoki uzoqroq ekanini anglatmaydi. Balki biz hayotning faqat kichik bir parchasini ko‘rayotgandirmiz. Axir o‘lim hamma narsaning yakunimi? Agar oxiratga ishonsak, quyonning qonli g‘alabasi oxirgi hukm emas, toshbaqaning halokati ham uning abadiy mag‘lubiyati emas. Ammo oxiratda adolat qaror topishiga ishongan inson bu dunyodagi adolatsizlikka qanday qilib befarq qarashi mumkin?

Biz ko‘p aytamiz: «Bu dunyo besh kunlik», «Hammasi o‘tib ketadi», «Baribir hammamiz o‘lamiz». Go‘yo o‘tkinchi narsalarning qadri bo‘lmasligi kerakdek. Ammo gulning umri qisqa bo‘lgani uchun uni oyoqosti qilish kerakmi yoki aynan umri qisqaligi uchun uni asrash lozimmi? Inson umri ham shunday emasmi? Bugun yordam bera oladigan insonimizga ertaga yordam berishga kech bo‘lishi mumkin. Bugun to‘xtata oladigan zulmimiz ertaga yana bir begunohning umriga zomin bo‘lishi mumkin. Dunyoning o‘tkinchiligi uni qadrsizlantirmaydi, aksincha, qaytarib bo‘lmaydigan har bir lahza uchun mas’uliyatimizni oshiradi.

Ammo meni bundan ham ko‘proq o‘ylantiradigan narsa — insonning ojizligi. Biz faqat kuchimiz yetmagani uchungina ojiz emasmiz, ba’zida kuchimiz yetganida ham ojizligimiz bilinib qoladi. Toshbaqa o‘zini himoya qilishga ojiz edi, quyon esa o‘z g‘azabini tiyishga. Biri kuchsizligi tufayli azob chekdi, ikkinchisi kuchli bo‘la turib, o‘z nafsining quliga aylandi. Biri zulmni to‘xtata olmadi, ikkinchisi esa o‘zini. Eng yomoni, inson ba’zan o‘z ojizligini tan olishga ham ojizlik qiladi. Qo‘rqoqligimizni sabr deb ataymiz, befarqligimizni taqdirga rozilik deymiz, gohida esa qilgan vahshiyligimizga ham ilohiy oqlov izlaymiz.

Vaholanki, sabr — zulmga rozilik emas, tavakkal — mas’uliyatdan qochish emas, taqdirga ishonish esa qo‘limizdan keladigan yaxshilikdan voz kechish degani emas. Ayyub alayhissalomning sabridan ibrat olish mumkin, ammo bu ibratni ro‘kach qilib, mazlumning og‘zini yopishga hech kimning haqqi yo‘q. Agar bir inson zulmni to‘xtatishga qodir bo‘la turib, «bu uning sinovi», deb chetda tursa, o‘z befarqligini qanday oqlaydi? Balki sinov faqat zulmga uchragan inson uchun emasdir. Balki zulmni ko‘rib turgan, uni to‘xtatishga kuchi yetadigan inson ham sinovdadir.

Endi o‘sha bolalikdagi masalga qaytaylik. Quyon uyiga xursand qaytdi, toshbaqa esa bu dunyoni tark etdi. Biri o‘zini g‘olib deb bildi, ikkinchisi esa g‘olib yoki mag‘lub ekanini aytishga ham ulgurmadi. Ammo kimning umri tugaganini bilishimiz uning hisobi ham tugaganini anglatmaydi. Bir kuni quyon ham o‘ladi. Uning kuchi, qasosi va o‘sha kechadagi xursandchiligi ham ortda qoladi. Biroq vaqt o‘tishi bilan zulm adolatga aylanib qolmaydi.

Bolaligimizda marraga birinchi yetib kelgan g‘olib bo‘lishiga ishonganmiz. Ulg‘aygach esa ba’zan yaxshilik jazolanib, yovuzlik mukofotlangandek ko‘rinadigan dunyoga duch kelamiz. Shunday bo‘lsa ham, inson bo‘lib qolish uchun sabab izlaymiz. Balki haqiqiy imtihon marraga kim birinchi yetib kelishida emas, marradan keyin kim bo‘lib qolishimizdadir. Chunki inson g‘alaba qozonib ham o‘zini yo‘qotishi, mag‘lub bo‘lib ham o‘z qadrini saqlab qolishi mumkin.

Xullas, tunda xayolimga kelgan masalning davomi shu. Bolaligimizda toshbaqa yutganiga ishonganmiz. Katta bo‘lganimizda esa g‘alaba bilan adolat har doim ham bir narsa emasligini tushuna boshlaymiz. Savol hanuz o‘sha-o‘sha: «Qochgan ham Xudo deydi, quvgan ham Xudo deydi. Xudo kimni yorlaqaydi?» Ammo balki bu savolga javob izlashdan oldin o‘zimizga boshqa bir savol berishimiz kerakdir: biz Xudodan mutlaq adolat kutayotgan bir paytda, o‘z qo‘limizdagi ozgina kuch bilan qanchalik adolatli bo‘la olyapmiz?

Muhokamalar
Hozircha suhbat yo‘q. Birinchi fikrni siz yozing.