Qo‘riqchini kim qo‘riqlaydi?
Erkinlik, shaxsiy hayot daxlsizligi, APK Qo‘riqchi, MAX va xavfsizlik nomidan berilayotgan keng vakolatlar haqida shaxsiy mulohazalar.
Bu shunchaki o‘qib ketiladigan maqola emas. Matndagi biror fikrni belgilang va unga o‘z munosabatingizni bildiring.
Muhokamaga qo‘shilishErkinlik haqida, xavfsizlik haqida va biz ko‘pincha bermaydigan savollar haqida.
So‘nggi kunlarda «APK Qo‘riqchi» ilovasi davlat tashkilotlari, universitetlar va boshqa muassasalar orqali faol targ‘ib qilinayotganiga guvoh bo‘lyapman.
Avval bir narsani aniqlashtirib olaylik: men insonlarni kiberjinoyatlardan himoya qilishga qarshi emasman. Aksincha, firibgarlikning oldini olish kerak. Insonlarning pullari, hujjatlari va shaxsiy ma’lumotlari himoyalanishi shart.
Ammo meni bitta savol qiynayapti:
Qo‘riqchini kim qo‘riqlaydi?
1. Xavfsizlikning narxi nima?
Ichki ishlar vazirligi ilovani keng targ‘ib qilish zarurligini ta’kidlamoqda. Hatto ayrim universitetlarda talabalarning telefonlariga o‘rnatib berilayotgani haqida rasmiy xabarlar mavjud.
Ilovaning Google Play sahifasida keng fayl ruxsati va Accessibility xizmatidan foydalanilishi ko‘rsatilgan.
Ishlab chiquvchi shaxsiy ma’lumotlar yig‘ilmasligini, tekshiruvlar qurilmaning o‘zida bajarilishini bildirgan.
Ajoyib! Ammo bu bayonotning mustaqil texnik tekshiruv bilan tasdiqlanishi qayerda?
Men ko‘rgan ochiq materiallarda bunday auditning to‘liq hisobotini topmadim.
Axir millionlab insonlardan ishonch so‘ralayotgan ekan, ishonchning o‘zi ham tekshirilishi kerak emasmi?
2. Bugungi himoya ertangi nazoratga aylanishi mumkinmi?
Tasavvur qiling.
Bugun dastur shubhali APK fayllarni aniqlaydi. Ertaga yangilanish orqali yangi funksiyalar oladi. Keyinroq esa uning texnik imkoniyatlaridan dastlab ko‘zda tutilmagan maqsadlarda foydalanish ehtimoli paydo bo‘ladi.
Keng vakolatlarga ega ilova noto‘g‘ri loyihalansa yoki boshqarilsa, quyidagi xavflar yuzaga kelishi mumkin:
- Shaxsiy fayllar yoki boshqa ilovalardagi ma’lumotlarga ortiqcha kirish.
- Foydalanuvchining odatlari va faoliyati haqida profil shakllantirish.
- Masofaviy yangilanish orqali kuzatuv imkoniyatlarining kengayishi.
- Xavfsizlikdagi zaiflik sabab millionlab qurilmaning xavf ostida qolishi.
- Vakolatli xodimlar yoki uchinchi tomonlar tomonidan ma’lumotlardan suiiste’mol qilinishi.
- Noto‘g‘ri aniqlash sabab qonuniy va xavfsiz dasturlarning cheklanishi.
Bular sodir bo‘layotgani haqida menda dalil yo‘q. Bu — oldindan hisobga olinishi shart bo‘lgan ehtimoliy xavflar.
Lekin bir savolga javob bering: falokatning oldini olish uchun uning avval sodir bo‘lishini kutishimiz kerakmi?
3. Bunday xavotirlar shunchaki tasavvur emas
Rossiyaning MAX messenjeri bo‘yicha 2026-yil sentabrda e’lon qilingan InterSecLab mustaqil tadqiqoti juda muhim narsani ko‘rsatdi.
Tadqiqotchilar MAX yozishmalari uchdan-uchgacha shifrlanmasligini, operator serverlari xabarlar mazmunini o‘qiy olishini va ayrim funksiyalar server tomonidan alohida foydalanuvchilar uchun boshqarilishi mumkinligini aniqlashgan.
Bu barcha yozishmalar davlat tomonidan kuzatilayotganini isbotlamaydi.
Ammo tizim egasi qanday texnik imkoniyatlarga ega ekanini ko‘rsatadi.
MAX va APK Qo‘riqchi turli dasturlar. Men ularni bir xil ishlaydi demayapman. Men ularning misolida bitta umumiy muammoni ko‘rsatmoqchiman: foydalanuvchi bilmagan imkoniyatlardan kim, qachon va qanday foydalanishini kim nazorat qiladi?
Bir gap bor:
Agar buloq bo‘lsa, undan bir kuni kimdir suv ichadi.
Shuning uchun mening xavotirim bugungi niyatda emas. Ertaga bu imkoniyat kimning qo‘liga o‘tishida.
4. Erkinlik birdaniga yo‘qolmaydi
Ba’zan u xavfsizlik, qulaylik, tartib va himoya nomi ostida asta-sekin cheklanadi.
Bugun: «Biz sizni firibgarlardan himoya qilamiz».
Ertaga: «Buning uchun ma’lumotlaringizga kirishimiz kerak».
Indinga: «Agar yashiradigan narsangiz bo‘lmasa, nega qarshilik qilyapsiz?»
Va bir kuni odamlar shaxsiy hayot daxlsizligini huquq emas, beriladigan imtiyoz deb qabul qila boshlashi mumkin.
Ammo shaxsiy hayotga ega bo‘lish uchun insonning yashiradigan siri bo‘lishi shart emas.
Men uyimning eshigini qulflasam, jinoyatchi bo‘lib qolmayman. Shunchaki uyimga kim kirishini o‘zim hal qilaman.
Telefonim ham shaxsiy hududimning bir qismi.
5. Men nimani talab qilyapman?
Men hech kimni ayblamayapman. Ammo millionlab insonlar foydalanadigan har qanday xavfsizlik dasturi uchun quyidagilar ochiq bo‘lishini istayman:
Mustaqil kod auditi. Dastur aynan nima qilayotgani tekshirilishi kerak.
Yangilanishlar shaffofligi. Kecha bo‘lmagan imkoniyat ertaga qo‘shilsa, foydalanuvchi buni bilishi kerak.
Ma’lumotlar nazorati. Nima yig‘iladi, nima saqlanadi, kim kira oladi va qachon o‘chiriladi?
Huquqiy javobgarlik. Suiiste’mol sodir bo‘lsa, javobgar kim?
Erkin tanlov. Ilovani o‘rnatmaslik yoki o‘chirish huquqi amalda ham hurmat qilinishi kerak.
Eng muhimi, bu kafolatlar faqat va’dalarda emas, tekshiriladigan mexanizmlarda mavjud bo‘lishi kerak.
6. Eng yaxshi do‘stingiz — o‘zingiz
Unutmanglar, insonning eng yaqin do‘sti na ota, na ona, na davlat, na texnologik kompaniya bo‘la oladi.
Birinchi o‘rinda o‘zingiz turishingiz kerak.
Bu ota-onani qadrsizlantirish emas. Bu o‘z aqlingiz, vijdoningiz, erkinligingiz va xavfsizligingiz uchun mas’uliyatni boshqalarga to‘liq topshirmaslikdir.
Hech qachon «davlat tavsiya qildi», «kompaniya kafolat berdi», «hamma o‘rnatyapti» degan gaplarning o‘zi bilan kifoyalanmang.
Tekshiring. O‘ylang. Savol bering.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 31-moddasi shaxsiy hayot va yozishmalar daxlsizligini, 33-moddasi esa fikr va so‘z erkinligini kafolatlaydi.
Demak, bular kimningdir marhamati emas — bizning huquqlarimiz.
Ammo eng qo‘rqinchlisi nima, bilasizmi?
Insonning gapirishga tili, qonunda huquqi bo‘la turib, gapirishdan qo‘rqib qolishi.
Men ayrim tizimlar haqida yana ko‘p gapirishim mumkin.
Aytishga tilim boooor, ammo gohida haqqim yooooqdek tuyuladi...
Erkinlikning eng xavfli yo‘qotilishi — inson uni yo‘qotayotganini sezmay qo‘yishidir.
Shuning uchun yana bir bor so‘rayman:
Qo‘riqchini kim qo‘riqlaydi?
Va undan ham muhimi — bizning qo‘riqchimizga savol berish huquqimizni kim himoya qiladi?
P.S. #Ayfon_sotib_olinglar ❤️😅
Bu hazil. Lekin telefoningiz va shaxsiy hayotingiz ustidan imkon qadar ko‘proq nazoratga ega bo‘lish zarurati hazil emas.
Davlatbek NORQOBULOV | 23.10.2026