← Blog

Vatanparvarlik haqida gapiramiz. Ammo vatandoshlarimiz qayerda ishlayapti?

Mehnat migratsiyasi, vatanparvarlik va O‘zbekistonda munosib ish o‘rinlari yaratish haqida shaxsiy mulohazalar.

Bu shunchaki o‘qib ketiladigan maqola emas. Matndagi biror fikrni belgilang va unga o‘z munosabatingizni bildiring.

Muhokamaga qo‘shilish

Yaqinda bir huquqshunosning xorijiy davlat armiyasida xizmat qilayotgan o‘zbekistonliklar haqidagi fikrlariga ko‘zim tushdi.

Uning aytishicha, O‘zbekiston fuqarosi boshqa davlat fuqaroligini olgan taqdirda ham, agar O‘zbekiston fuqaroligi qonuniy tartibda tugatilmagan bo‘lsa, xorijiy davlat armiyasiga xizmatga kirgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Xo‘p, tushunarli. Qonun bor, uning talablari bor.

Lekin shu yerda menda boshqa savol tug‘ildi.

Nega biz boshqa davlatning harbiy qudratini oshirishga xizmat qilishni jinoyat deb hisoblaymiz-u, boshqa davlatning iqtisodiy qudratini oshirish uchun o‘z fuqarolarimizni yuborishga davlat darajasida yordam beramiz?

To‘xtang, gapimni noto‘g‘ri tushunmang.

Men harbiy xizmat bilan oddiy mehnat bir xil demoqchi emasman. Ularning huquqiy tabiati ham, oqibatlari ham mutlaqo boshqa. Men terrorchilikni oqlayotganim ham yo‘q.

Men davlatning o‘z fuqarolari mehnatiga bo‘lgan munosabati haqida gapiryapman.

Tasavvur qiling, O‘zbekiston fuqarosi boshqa davlatga ishlash uchun bordi. Qurilishda ishladi, zavodda ishladi, yo‘llar, ko‘priklar, osmono‘par binolar qurdi. O‘sha davlat iqtisodiyotining rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shdi.

Keyin bizda xabar tarqaladi:

«Vatandoshlarimiz falon davlatdagi ulkan qurilishda ishtirok etdi!»

Va biz bundan faxrlanamiz.

Albatta, insonlarimizning mehnatkashligi, bilimi, qobiliyati bilan faxrlanish mumkin.

Lekin nega shu odamlar o‘z vatanida emas, boshqa davlatda bunyodkorlik qilayotganini ham so‘ramaymiz?

Nega boshqa mamlakat bizning fuqaromizga munosib maosh to‘lay oladi-yu, biz o‘zimizda shu sharoitni yaratishga qiynalamiz?

Eng qizig‘i, bizda mehnat migratsiyasini tashkillashtirish, xorijda ish topishga yordam berish, fuqarolarni chetga yuborish bilan shug‘ullanuvchi butun boshli tizim mavjud.

Men aynan shu tizimning ustuvorliklariga e’tiroz bildiryapman.

Nega xorijda ish topib berishga sarflanayotgan kuch va resurslarni odamlarning o‘z vatanida munosib ish topishiga sarflash masalasi bundan-da jiddiyroq qo‘yilmaydi?

Menga yana bir vaj keltirishlari mumkin:

«Migrantlar xorijdan milliardlab dollar yuboryapti. Bu mamlakat iqtisodiyoti uchun katta foyda!»

To‘g‘ri. Buni inkor qilmayman.

Ammo savolim bor: nega biz o‘z fuqarolarimiz ishlab topgan pulning bir qismi qaytib kelayotganidan xursand bo‘lamiz-u, ularning mehnati natijasida yaratilayotgan asosiy iqtisodiy qiymat boshqa mamlakatda qolayotganiga yetarlicha e’tibor bermaymiz?

Bizga faqat pul o‘tkazmalari kerakmi yoki o‘zimizning rivojlangan iqtisodiyotimiz ham?

Davlat katta tadbirlar, konsertlar, turizm va xalqaro obro‘ uchun mablag‘ ajratadi. Men bularning barchasi keraksiz demoqchi emasman. Madaniyat ham, turizm ham rivojlanishi kerak.

Lekin ustuvorlik degan tushuncha bor-ku!

Avval xalqning qornini to‘ydirish, munosib daromad topishi uchun sharoit yaratish muhimroq emasmi?

Xalqaro maydondagi obro‘-e’tibor muhim, albatta. Lekin davlatning eng katta obro‘si, avvalo, o‘z fuqarolarining qanday yashayotganida ko‘rinishi kerak emasmi?

Men migrantlarni tanqid qilmayapman.

Aksincha, ularning katta qismini juda yaxshi tushunaman. Chunki men ham xorijda ishlayotgan insonlardan biriman.

Hech kim o‘z oilasidan, yaqinlaridan, uyidan minglab kilometr uzoqda yashashni shunchaki yoqtirgani uchun tanlamaydi. Albatta, o‘z xohishi bilan ketadiganlar ham bor. Lekin ko‘pchilikni bu yo‘lga iqtisodiy zarurat boshlaydi.

Bugun menga O‘zbekistonda hozirgi daromadimga yaqin, barqaror va munosib ish taklif qilishsa, men ertagacha ham kutmayman. Bugunoq qaytaman.

Chunki men boshqa davlat iqtisodiyotini rivojlantirishni o‘z vatanimda mehnat qilishdan ustun ko‘rmayman.

Shu sababli men uchun boshqa davlatda mehnat qilayotgan migrantlarimizning o‘zi uyat emas.

Uyatli bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsa — millionlab insonlarimiz o‘z vatanida yetarli imkoniyat topolmayotgan bir sharoitda, ularning xorijda ishlashini davlat siyosatining muvaffaqiyati sifatida ko‘rsatishdir.

Meningcha, haqiqiy muvaffaqiyat xorijga yana qancha odam yuborganimiz bilan emas, o‘z yurtida qolib ham munosib yashay oladigan insonlar soni bilan o‘lchanishi kerak.

Migrantlarimizni xorijda himoya qilishimiz shart. Lekin ularni xorijda ishlashga majbur qilayotgan iqtisodiy sabablarni kamaytirish undan ham muhim vazifa bo‘lishi kerak.

Men chegaralarni yopishni, migratsiyani taqiqlashni yoki fuqarolarni vatanida majburan olib qolishni taklif qilayotganim yo‘q.

Men shunchaki odamlarning oldida haqiqiy tanlov bo‘lishini xohlayman.

O‘zbekistonda yashash — iqtisodiy imkoniyatsizlikka ko‘nikish degani bo‘lmasin. Xorijga ketish esa tirikchilik qilishning deyarli yagona yo‘liga aylanmasin.

Va nihoyat, bir narsani so‘ramoqchiman:

Biz qachongacha o‘zimiz tarbiyalagan, o‘qitgan va voyaga yetkazgan insonlarning salohiyatidan boshqa davlatlar foydalanayotganiga faxr bilan qarab turamiz?

Nega bir kun kelib boshqa davlat fuqarolari ham aynan O‘zbekistonga munosib ish va yaxshi hayot izlab keladigan iqtisodiyotni qurishga bor kuchimizni sarflamaymiz?

Men faxrlanishga qarshi emasman.

Men faxrlanish uchun sababning o‘zini O‘zbekistonda yaratish tarafdoriman.

Muhokamalar
Hozircha suhbat yo‘q. Birinchi fikrni siz yozing.