← Blog

Kunlarning birida…

Salom.

Bilasanmi, oldin o‘ylardim: nega xat yoziladi?

Endi tushundim.

Sababi oddiy ekan: xat yozayotganda qarshingdagi odamning nigohi, yuz ifodasi, gapni bo‘lib yuborishi yo‘q. Shuning uchun ichingdagi gapni shoshmasdan, qanday bo‘lsa shunday ayta olarkansan. Hatto noto‘g‘ri so‘z tanlab qo‘yishdan ham kamroq qo‘rqarkansan.

Bundan 7–8 yil oldin, oddiygina darsda o‘tirganimizda, sen menga bir gap aytganding:

“Agar menga uylanmoqchi bo‘lsang ham, onang meni senga olib bermaydi”, — deganding.

Men o‘sha paytda bu gapingni sening oldingda e’tiborsiz qoldirgandim. Ammo ichimda bu gap bilan ancha vaqt gaplashdim.

Hozir o‘ylab qarasam, mening sevgi haqidagi qarashlarimni ikkiga bo‘lish mumkin ekan: shu gapgacha va shu gapdan keyin.

Chunki o‘sha paytgacha men sevgini ko‘pincha havas bilan adashtirib kelgan ekanman. Menga narigi tomonning hissiyotlari unchalik qiziq emasdi. Muhimi — men nima his qilayotganim, men nimani xohlayotganim edi.

Hayotimda qizlar bor edi. Ba’zilari bilan yaqin munosabatlar ham bo‘lgan. Ammo hozir orqaga qarasam, ularning ko‘pi shunchaki xudbinlikdan iborat bo‘lganini tushunaman.

Kimdir hayotimda shunchaki bor edi.

Kimdir bilan vaqt yaxshi o‘tardi.

Kimdir esa menga “men borman” degan hissiyot berardi.

Xolos.

Lekin sening o‘sha bitta gapingdan keyin men birinchi marta boshqa tomonni ham o‘ylab ko‘rdim.

Va bundan qo‘rqib ketdim.

Shundan keyin ancha vaqt hech qanday munosabat boshlashni xohlamadim. O‘zimcha qoidalar tuza boshladim. Hatto bunga nom ham qo‘ydim:

Mening konstitutsiyam

  1. Har qanday munosabat erkinlik ustiga qurilishi kerak.
  1. Har qaysi inson istagan vaqtida munosabatni to‘xtatish huquqiga ega. Faqat buni imkon qadar ikkala tomonni ham kuydirmaydigan tarzda qilish kerak.
  1. Xato — ayb emas, saboq. Agar biror xato ajrimga sabab bo‘lsa ham, undan oldin hech bo‘lmaganda bir piyola choy ustida o‘sha xato haqida gaplashib olish kerak. Araz va ginasiz.

Bu qoidalar menga o‘sha paytda juda jiddiy tuyulardi.

Keyin hayot davom etdi.

15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan vaqt bir qarashda uzoq tuyuladi. Aslida esa ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketarkan.

19 yoshimda maktabni tamomlab shaharga keldim. O‘qidim, ishladim, yuzlab odamlar bilan gaplashdim, xato qildim, o‘sha xatolardan nimanidir o‘rgandim.

Bir paytlar uyidan qochib kelib kassaga o‘tirgan bola keyinchalik shu ishidan direktor bo‘lib ketdi.

Va shu yillarda men yana bir narsani tushundim.

Olti yil oldin:

“Yaxshi telefonim bo‘lsa edi…”

deb orzu qilgan bola endi:

“Qani endi hech narsam bo‘lmasa edi…”

deb o‘ylay boshlagan edi.

Hayot qiziq.

Ishlarim yomon emasdi. Topganim juda ko‘p bo‘lmasa ham o‘zimga yetardi. Birovga yordamim tegmasa ham, hech bo‘lmaganda zararim tegmasdi.

Ammo ba’zan baribir zerikardim.

Yolg‘izligim esimga tushardi.

Ko‘nglim xuddi supermarketning avtomatik eshigiga o‘xshab qolgandi: oldimga chiroyli qiz kelishi bilan shaq etib ochilib ketardi.

Shunday qilib, universitetga kirdim.

Bu yerga kelishimdagi maqsad faqat diplom emasdi. Men tajriba xohlardim: ishda, hayotda, sevgida — umuman, odamlar orasida.

Va sevgidan boshlashga qaror qildim.

O‘sha vaqtga kelib mening “konstitutsiyam” yanada aniqroq edi:

Yomon odam bo‘lmaydi. Shunchaki noto‘g‘ri tanlov bo‘ladi.

Shu fikr bilan bir kursdosh qiz bilan munosabat boshladim.

Vaqti kelib, ikkovimizning ham “so‘nggi qartalarimiz” ochilganda, men unga o‘yin qoidalarini boshidanoq aytdim:

  1. Seni sevishim sen uchun hamma narsadan voz kechaman degani emas. Qo‘limdan keladigan va senga kerak bo‘lgan narsani qilishga harakat qilaman, lekin bunda o‘zimni yo‘qotmayman.
  1. Men telepat emasman. Xayolingdagi narsalarni o‘qiy olmayman. Muammo bo‘lsa — ayt. Xafa bo‘lsang — ayt. Jahling chiqsa — ayt. Savoling bo‘lsa — so‘ra.
  1. O‘zingni men uchun qurbon qilishing shart emas. Men ham, sen ham hayotimizni sotib olganimiz yo‘q. Hamma bir marta yashaydi. Hamma xato qiladi. Xato qilish ayb emas. Ayb — xatoni tan olmaslik, undan ham yomoni — undan hech narsa o‘rganmaslik.
  1. Munosabatimiz ikki odamning munosabati bo‘lishi kerak. Har qanday uchinchi shaxs ortiqcha.

U bu qoidalarga rozi bo‘ldi.

Oradan salkam bir yil o‘tdi.

Hatto men o‘qishni tashlab ketdim.

Ammo munosabatlarimiz ham, o‘sha kelishuvlar hamon mustahkamlanib bormoqda.

Endi esa sening oldingga qaytaman.

Esingda bo‘lsa, biz bir paytlar garov o‘ynagan edik.

Men:

“Men hech qachon kimnidir sevib qolmayman”, — degandim.

Sen esa:

“Yo‘q, qachondir kimnidir sevasan”, — deganding.

Har safar sevgi haqida gap ketsa, o‘sha bahsimiz esimga tushadi.

Va qiziq tomoni shundaki, hozir ham o‘sha garov bo‘yicha nima deb o‘ylashni aniq bilmayman.

Bir tomondan, ha, men yutqazdim.

Sen haq eding.

Men kimnidir sevdim.

Boshqa tomondan esa, o‘sha o‘yinning o‘zi haqida boshqacha o‘ylay boshlayman.

Agar men sevib qolgan bo‘lsam-u, shu bilan birga o‘zimni ham, u insonni ham erkin qoldira olsam;

agar xato qilishdan qo‘rqmay, xatodan keyin gaplasha olsak;

agar bir-birimiz uchun yashash o‘rniga, bir-birimiz bilan birga yashasak;

unda men aslida yutqazdimmi?

Balki bu savolning javobi men o‘ylaganchalik oddiy emasdir.

Lekin bir narsani aniq bilaman.

Sening o‘sha paytdagi gaping meni o‘zgartirgan.

Balki sen o‘sha paytda buni bilmading.

Balki men ham bu gapning qanchalik uzoqqa borishini tasavvur qilmagandirman.

Ba’zan o‘ylayman: o‘sha paytda vaziyatni qo‘lga olib, senga hammasini tushuntirishim mumkin edi. Hozirgi munosabatimdagi qoidalarni o‘shandayoq senga aytishim mumkin edi.

Ammo bunday qilmadim.

Balki jur’atsizlik qilgandirman.

Balki shunday bo‘lishi kerak bo‘lgandir.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, senga aytilmay qolgan bitta gapim bor.

Rahmat. Hammasi uchun.

Bu xatni senga yubora olmaganim uchun uni shunchaki shu yerda — o‘z blogimda qoldiryapman.

Agar nasib qilgan bo‘lsa, qachondir bu satrlar baribir senga yetib borar.

Balki o‘shanda sen ham bu gaplarni o‘qib, o‘sha darsdagi kunni eslarsan.

Men esa o‘sha kuni aytilgan bitta gapning meni qayerlargacha olib kelganini bilaman.

Izohlar oqimi
Birinchi izohni qoldiring…